Milliarder Alisher Usmonov o‘z vatani - O‘zbekistonning yangi rahbariga tashqi dunyoga ochilishga yordam bermoqda va u "imkon qadar ko‘proq" O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritadi. Bu Alisher Usmonov O‘zbekistonning yetakchilari bilan hamkorligini tan olgan ilk intervyudir, deyiladi Reuters agentligida. 

"Men qo‘limdan kelganicha O‘zbekistonga yordam berishga tayyorman va shunday qilyapman ham, - dedi Usmonov agentlikka telefon orqali bergan intervyusida. - Mening bugungi kundagi rolim - maslahatlashuvlar va xayriya loyihalari".

O‘zbekistonga qancha mablag‘ yo‘naltirmoqchi ekani haqidagi savolga u "Qo‘limdan kelganicha", deb javob berdi.

U sarmoyalarga batafsil to‘xtalmadi, faqat gap orasida o‘zi 49 foiz aksiyasiga egalik qiluvchi Rossiyaning USM xolding kompaniyasi va O‘zbekistonning metallurgiya zavodi o‘rtasida aloqalar mustahkamlanayotganini aytib o‘tdi. Milliarder bu aloqalarning qaysi bosqichda ekaniga oydinlik kiritmadi. 

64 yoshli Usmonov - Rossiyaning beshinchi eng badavlat kishisi. Forbes jurnalining Rossiyadagi nashri uning boyligini 15,2 milliard dollarga baholagan. 

"Hozirgi rahbariyat amalga oshirayotgan moliyaviy islohotlarning dadilligini juda hurmat qilaman. Men aksariyat mamlakatlarda bo‘lgani kabi, bu 3-5 yil vaqt olsa kerak deb o‘ylagandim. Biroq bu yerda vaziyat bir yilda hal bo‘ldi", - dedi ishbilarmon.

"Avvallari O‘zbekistonga sarmoya kiritishdan hamma cho‘chirdi, chunki daromadlar repatriatsiyasi mexanizmi yo‘q edi. Bugun muammo qonun nuqtai nazaridan deyarli hal qilib bo‘lindi. Bu O‘zbekiston uchun ulkan, ilg‘or islohotlar", - dedi u.

Usmonov Islom Karimov davrida O‘zbekiston hukumati bilan aloqa o‘rnatmagan. Hatto Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganidan keyin ham, u O‘zbekistonning siyosiy hayotiga daxldorligini rad etgan, deyiladi manbada.

Alisher Usmonov matbuot xizmatining o‘tgan yilning oktabrida Reuters agentligiga ma'lum qilishicha, bu mavzu bo‘yicha gap-so‘zlar haqiqatdan yiroq. Biroq Usmonov O‘zbekistonga yordam berishga doim tayyor ekanini aytgan.

Usmonov va yangi prezident o‘rtasida aloqalar o‘rnatildi. Sentyabrda Mirziyoyev Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasida ishtirok etish uchun "Usmonov" aviakompaniyasining xususiy samolyotidan foydalandi.