O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi va sirtqi ta'lim shakllariga nomzodlarni tanlash va o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 16 avgustdagi PQ-3216-son qarori ijrosini ta'minlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga jismonan sog‘lom, ma'naviy yetuk va intellektual salohiyatli yoshlarni tanlash va o‘qishga qabul qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:

1. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”  2017 yil 16 avgustdagi PQ-3216-son qarori bilan:

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi ta'lim shakliga o‘qishga qabul qilish maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi suhbat orqali kirish test sinovlarisiz amalga oshirilishi;

Akademiyada kadrlar tayyorlashning bir pog‘onali tizimi bo‘yicha kunduzgi ta'lim shaklining muddati uch yil etib belgilanganligi;

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Akademiyaning kunduzgi ta'lim shakliga qabul faqat Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari, harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlari tarkibidan amalga oshirilishi;

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab, Akademiyada ichki ishlar organlarida kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlari uchun sirtqi ta'lim shakli joriy etilganligi, unda o‘qitish muddati oliy ma'lumotga ega bo‘lmagan shaxslar uchun to‘rt yil, oliy ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslar uchun to‘lov-kontrakt asosida uch yil etib belgilanganligi ma'lumot uchun qabul qilinadi.

2. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi ta'lim shakliga nomzodlarni tanlash va o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining sirtqi ta'lim shakliga nomzodlarni tanlash va o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.