Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 14 oktabr kuni hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji bilan tanishish, istiqboldagi vazifalarni belgilash maqsadida Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Toshsoqa tizimidagi magistral sug‘orish kanallarini qayta tiklash loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib qator ko‘rsatmalar bergan edi. 

Ushbu Toshsoqa tizimidagi magistral sug‘orish kanallarini qayta tiklash loyihasi davlat rahbarining 2017 yil 27-28 yanvar kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida o‘tkazilgan majlis bayoniga ko‘ra “Toshsoqa tizimining magistral sug‘orish kanallarini qayta tiklash” loyihasi bo‘yicha qurilish-montaj ishlarini 2018 yil dekabr oyida yakunlash to‘g‘risidagi topshirig‘iga asosan, 4-paket, 5-paket,  va 7-paketga kiradigan barcha qurilish-montaj ishlari “O‘zbekgidroenergo” Aktsiyadorlik jamiyati tasarrufidagi  “To‘palang” qurilish montaj boshqarmasiga topshirilgan edi.  

Bugungi kunda Toshsoqa tizimidagi magistral sug‘orish kanallarini rekontstruktsiya va ta'mirlash ishlari “O‘zbekgidroenergo” AJ ga qarashli “To‘palang” qurilish montaj boshqarmasi tomonidan qizg‘in olib borilmoqda. Ishlar ikki smenda tashkil etilib, 500dan ortiq ishchi jalb etilgan. Ishchilar, quruvchilar uchun “O‘zbekgidroenergo” AJ ga qarashli “To‘palang” qurilish montaj boshqarmasi tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan. 

Umumiy qiymati 145 million dollardan ortiq bo‘lgan ushbu loyiha doirasida Toshsoqa, Shovot, Polvon G‘azovot va G‘azovot kanallarining 305 kilometri rekonstruksiya qilinib, kanal tubi ko‘tariladi. 21 yangi kanal va 607 gidrotexnika inshooti quriladi. Buning natijasida 280 ga yaqin nasos olib tashlanib, yiliga 14 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ tejaladi.

Bugungi kunda viloyatda 276,7 ming gektar sug‘oriladigan maydon mavjud. Toshsoqa tizimi orqali 191,3 ming gektar yer sug‘oriladi. Amudaryoda suv kam paytlarda, ayniqsa, erta bahor va yoz oylari boshida kanallarda suv sathi juda past bo‘lib, g‘alla, paxta va boshqa ekinlarni sug‘orish uchun suv asosan nasoslar yordamida olinardi. Bu xarajatlarning oshib ketishiga, suv isrofgarchiligi hamda yerlarning meliorativ holati yomonlashuviga olib kelar edi. 

Mazkur loyihaga ko‘ra, viloyatdagi Toshsoqa, Shovot, Polvon G‘azovot va G‘azovot magistral va xo‘jaliklararo kanallarining 120 kilometri rekonstruksiya qilindi. Rejadagi 607 gidrotexnik inshootdan 318 tasi yangidan qurildi. Bu ishlar natijasida 279 nasos agregatidan voz kechilib, qishloq xo‘jalik ekinlari o‘zi oqar suv bilan ta'minlanadi va 31,6 million kilovatt soat elektr energiya iqtisod qilinadi.

Toshsoqa tizimining magistral sug‘orish kanallarini qayta tiklash bo‘yicha 4-paket, 5-paket, 7-paket obekt qurilishida 201,89km dagi kanallarning uzunligi bo‘yicha 3834557 m3 yer ishlari va 205 892m3 beton ishlari bajarilishi ko‘zda tutilgan.