09:25 / 05.12.2017
7694

Rossiyalik milliarder Kerimov Fransiyaga 750 mln yevrogacha pul olib kirishda ayblanmoqda 

Foto: b1.m24.ru

Fransiya tomondan pul yuvishda va soliqlar to‘lashdan bosh tortishda ayblanayotgan rossiyalik senator, milliarder Suleyman Kerimov Fransiyaga 500 mln dan 750 mln yevrogacha pul olib kirishda ayblanmoqda. Bu haqda Nitstsa prokurori Jan-Mishel Pretrga iqtibos keltirgan holda "Ven minyut" fransuz gazetasi xabar bermoqda. 

“Fransiyaga 500 mln dan 750 mln yevrogacha pul olib kirilgan. Bundan maqsad pul yuvish bo‘lgan. Kerimov soliq idoralariga Fransiyaga olib kirilgan millionlab yevrolar haqida ma'lum qilishni esdan chiqargan. Gap nafaqat naqd pul, balki bir hisob raqamidan ikkinchisiga pul o‘tkazish haqida ketmoqda”, deb aytgan prokuror.

Pretrning aytishicha, Fransiyaga ushbu ish doirasida “katta miqdorda pullar” o‘tkazilganini isbotlovchi hujjatlar mavjud. “Pullar ko‘chmas mulk xarid qilishga sarflangan. Bu operatsiyalar qiymati real qiymatlarga nisbatan kulgili darajada kichik bo‘lgan”, deb tushuntirgan prokuror.

"Ven minyut"ning ma'lum qilishicha, ayni vaqtda ushbu ish doirasida taxminan 10 kishiga ayblov e'lon qilingan.

Kerimov 20 noyabrda Nitstsa aeroportida ushlanib, politsiya bo‘limiga yetkazilgandi. Fransiya sud idoralari Kerimovni 5 mln yevro garov puli evaziga ozodlikda qoldirishga rozi bo‘lishgan. Kerimov Fransiya mutasaddi idoralariga pasportini berishi va Dengizbo‘yi Alplari departamenti hududini tark etmasligi kerak.

Top