O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017 yil 16 avgustdagi PQ-3219-son qarorini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:

1. O‘zbekiston Badiiy akademiyasining ustavi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

2. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi:

bir oy muddatda Badiiy ijodkorlar uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi galereyalari to‘g‘risidagi namunaviy nizomni ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlaydi;

ikki oy muddatda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimiga kiruvchi tashkilotlarning ta'sis hujjatlarini qayta ko‘rib chiqsin va ular qonun hujjatlari talablariga moslashtirilishini ta'minlaydi.

3. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.V.Nuridinov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, san'at va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklandi.
                                                                                       O‘zbekiston Badiiy akademiyasining ustaviga ko‘ra, Badiiy akademiya tasviriy va amaliy san'at, dizayn yo‘nalishlarini rivojlantirish, akademik badiiy ta'limning izchilligini ta'minlash bilan bog‘liq vazifalarni hal etishga vakolatli bo‘lgan davlat muassasasi hisoblanadi.

Badiiy akademiya O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi. Badiiy akademiya yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, bank hisob raqamlariga, shu jumladan, qonun hujjatlariga muvofiq banklarda milliy va xorijiy valyutada hisob raqamlariga ega bo‘ladi.

Badiiy akademiya tarkibida: Badiiy akademiyaning markaziy apparati; O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi; Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi; Xalqaro madaniyat karvon saroyi; Toshkent fotosuratlar uyi; Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san'ati muzeyi; “San'at” jurnali; Qurilish direksiyasi; “Xamar” xalqaro aloqalar markazi; O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy bo‘limlari; O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi galereyalari; Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti; P. Benkov nomidagi Respublika rassomlik kolleji; Respublika dizayn kolleji; Qo‘qon tasviriy va amaliy san'at kolleji; Respublika ixtisoslashtirilgan san'at maktab-internati; Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi ixtisoslashtirilgan san'at maktab-internatlari faoliyat olib boradi.