11:01 / 06.12.2017
17534

8 ta qo‘ng‘iroq. Izsiz g‘oyib bo‘lgan «San-Xuan» haqida yangi ma'lumot paydo bo‘ldi 

Foto: Wikipedia

Argentinaning «San-Xuan» suv osti kemasi izsiz g‘oyib bo‘lishidan biroz avval, ekipaj a'zolari Mar-del-Platadagi harbiy-dengiz bazasiga sakkiz marta qo‘ng‘iroq qilishgan. Bu haqda TN xabar bermoqda.

«Bo‘linma komandiri birinchi qo‘ng‘iroqlar vaqtida nosozlik, qisqa tutashuv va tutunli, biroq olovsiz yong‘in boshlangani haqida xabar berdi», - deya aytib o‘tdi Argentina harbiy-dengiz kuchlari vakili Enrike Balbi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ekipaj shundan so‘ng «faktlar noto‘g‘ri ko‘rsatilmasligi» uchun yozma ko‘rinishda ma'lumot bergan.

Shu bilan birga, Balbining so‘zlariga ko‘ra, suv osti kemasi ekipaji «dengizdagi kunlar sonini kamaytirish» maqsadida yo‘nalishni o‘zgartirish haqida so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «San-Xuan» g‘oyib bo‘lgan hududdagi portlash kuchi dahshatli bo‘lgani taxmin qilingandi. Argentina harbiy-dengiz kuchlari izsiz g‘oyib bo‘lgan «San-Xuan» suv osti kemasining qidiruv ishlari olib borilayotgan hududda trotil ekvivalenti bo‘yicha kuchi 100 kilogramm bo‘lgan sinov portlashni amalga oshirdi hamda suv osti kemasining yo‘qolishi chog‘ida yuz bergan portlash bundan ham kuchliroq bo‘lganini aniqladi. 

Mavzuga oid
Top