17:40 / 06.12.2017
80362

Bosh prokuratura eshak go‘shti bo‘yicha rasmiy bayonot berdi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Toshkentda go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona eshak go‘shti ishlatmoqchi bo‘lgani yuzasidan rasmiy xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining Toshkent shahar va Xorazm viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Xorazm viloyatidan Toshkent shahriga 69,6 kg eshak go‘shti poytaxtning Olmazor tumanida joylashgan «GOLD PREMIUM PRODUCT» MChJga qarashli “Sharshara” nomli go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish sexiga o‘tkazish uchun olib kelinganligi aniqlangan. 

Mavzuga doir: Toshkentdagi go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona eshak go‘shti ishlatmoqchi bo‘lgani fosh qilindi

«Shuningdek, ushbu go‘sht sex ishchilari tomonidan boshqa go‘sht mahsulotlariga qo‘shilganligi aniqlanib, sexda mavjud bo‘lgan 275 kg go‘sht mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan», - deyiladi xabarda.

Ta'kidlanishicha, tegishli mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, olib qo‘yilgan go‘sht mahsulotlari iste'molchilarning sog‘ligi va hayoti xavfsizligi talablariga javob bermasligi aniqlangan.

Xabarda ko‘rsatilishicha, mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda aybdor shaxslarni javobgarlikka tortishga qaratilgan zarur tezkor-tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top