AQSh va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy urush o‘zining faol fazasiga o‘tmoqda. Amerikaliklar Xitoyni bozor iqtisodiyotiga ega davlat sifatidan tan olmasdan, antidemping choralarni qo‘llashga tayyorlanmoqda. Pekin esa shunga monand javob tayyorlab, o‘zida neft fyucherslarini oltinga ayriboshlash mumkin bo‘lgan yuan evaziga sotishni joriy etmoqchi. Gazeta.Ru Xitoy AQSh dollarini jahonning bosh neft valyutasi statusidan judo qila olish-olmasligiga qiziqib ko‘rdi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari Xitoyni bozor iqtisodiyotiga ega bo‘lgan davlat sifatida tan olmasligi borasida Jahon savdo tashkiloti (JST)ni rasman ogohlantirgan. Yevropa ittifoqi ham amerikaliklar tomonda. Xitoy hukumati esa o‘z mahsulotlariga haddan ziyod boj qo‘llanilmasligi uchun «bozor» statusiga ega bo‘lish uchun kurashmoqda.
Ilgariroq AQSh savdo vazirligi Xitoyda ishlab chiqarilgan alyuminiy folgasiga oid antidemping surishtiruv doirasida Xitoyni bozor iqtisodiyotiga ega davlat sifatida tan olishdan bosh tortgan edi.
O‘z navbatida, Yevropa ittifoqi yangi antidemping qoidalarini joriy etib, «bozor erkinlikdan og‘gan» va «ijtimoiy va ekologik demping» amaliyotidan foydalanayotgan mamlakatlar uchun maxsus import rejimini qo‘llamoqchi.
Bu xatti-harakatlar Pekinning e'tiroziga sabab bo‘lmoqda. XXR tijorat vazirligi rasmiy vakili AQShning bayonotlari «Xitoydagi real vaziyatni jiddiy tarzda buzib ko‘rsatish» ekanligini qayd etib, Amerika tomonini xato harakatlarni to‘g‘irlash uchun real qadamlar bosishga chorlagan.
AQSh Xitoyda mahsulotlari bo‘yicha doimo antidemping surishtiruvlar o‘tkazadi va bozor iqtisodiyotiga ega bo‘lmagan mamlakatlarga nisbatan qo‘llaniluvchi qoidalarga tayanadi.
Masalan, 13 noyabr kuni AQSh savdo vazirligi xitoylik fanera ishlab chiqaruvchilar dempingga yo‘l qo‘yishgan va dotatsiyalar olishgan, degan qarorga kelgan.
XXR tijorat vazirligi savdo himoyasi va surishtiruvlar departamenti direktori Van Hejyunning «Sinhua» agentligi tomonidan e'lon qilingan so‘zlariga ko‘ra, antidemping surishtiruv mobaynida JST oldidagi majburiyatlar rad etilib, u diskriminatsion xarakterga ega bo‘lgan allaqanday «mamlakatlar misoli»ga havola qilinib o‘tkazilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, amerikaliklar «Xitoy kompaniyalari tomonidan ulkan miqdorda taqdim etilgan daliliy materiallar»ni ko‘rib chiqishdan bosh tortishgan va Xitoy korxonalaridagi ishlab chiqarish jarayonlari haqida noto‘g‘ri xulosalarga ega bo‘lgani holda demping marjasini adolatsiz ravishda ko‘tarishgan».

















