O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 dekabr kuni «Chorvoq» erkin turistik zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjat Toshkent viloyatining sayyohlik salohiyatini rivojlantirish, hududga chet ellik va mahalliy sayyohlarni jalb qilish uchun qulay sharoitlarni yaratish, zamonaviy infratuzilmalarni rivojlantirish hamda turistik, mehmonxona va transport xizmatlari sifatini yaxshilashga qaratilgan.

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Toshkent viloyati hokimligi, “Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining (keyingi o‘rinlarda – O‘zmilliybank):

Toshkent viloyatining Chimyon-Chorvoq kurort-rekreatsiya zonasi chegarasi doirasida “Chorvoq” erkin turistik zonasini (keyingi o‘rinlarda – erkin turistik zona) tashkil etish;

erkin turistik zona hududida zamonaviy mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turistik ahamiyatdagi boshqa obektlar qurish, shuningdek, zamonaviy muhandislik infratuzilmasi obektlarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar erkin turistik zonaning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

erkin turistik zonada zamonaviy turizm infratuzilmasi obektlari (mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turistik ahamiyatdagi boshqa obektlar)ni, turistlarga xizmat ko‘rsatish uchun zarur sharoitlarni ta'minlagan holda maxsus funksional va mavsumiy rekreatsion dam olish zonalarini yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy va mahalliy investorlarning investitsiyalarini jalb qilish;

hududning ekomuhiti imkoniyatlarini hisobga olgan holda o‘ziga xos turistik yo‘nalishlarni tashkil etish;

transport vositalarining arzonligini ta'minlash, hududda transport harakatining yangi (poyezd, elektropoyezd, avtobus), shu jumladan, muqobil energiya manbalarida harakatlanuvchi turlarini joriy etish, yo‘lovchi transporti yo‘nalishlarini kengaytirish, uning to‘xtovsiz harakatini tashkil etish, tegishli transport infratuzilmasini rivojlantirish;

turistlar xavfsizligining qo‘shimcha sharoitlarini, shu jumladan, turistik infratuzilma obektlarini videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash, ogohlantirish tizimlarini tashkil etish, mintaqa hududiga keluvchi turistlar haqida yagona ma'lumotlar bazasini, favqulodda holatlarda tez yordam berish tizimini joriy etish yo‘li bilan yaratish;

erkin turistik zona hududida loyihalarni amalga oshirayotgan va faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'yektlari hamda investorlar (shu jumladan, xorijiy investorlar) uchun belgilangan alohida bojxona va soliq rejimlarini ta'minlash;