16:35 / 06.12.2017
24316

Yoqutistonda mahalliy fuqaro va o‘zbekistonlik ishchilar qor tufayli mushtlashib ketdi

Foto: Yasia

Rossiyaning Yoqutiston Respublikasidagi Namtsi qishlog‘i ma'muriyati va tergov organlari o‘zbekistonlik uch shaxsning mahalliy aholi vakillaridan biriga hujum qilgani holati bo‘yicha tekshiruv o‘tkazmoqda. Hodisa mahalliy aholi o‘rtasida norozilik keltirib chiqargan. Odamlar o‘zbekistonliklar ishlagan kafe oldida to‘planishib, ularni darhol deportatsiya qilish haqida talab bilan chiqishgan, deb xabar bermoqda mahalliy OAV.

«Voqea Namtsi qishlog‘idagi bozorda ertalab yuz bergan. Qorovul do‘konlardan birining ishchilari o‘z obektini qo‘shni bino oldidan olingan qor bilan sovuq kirmaydigan qilib to‘g‘irlayotganini ko‘rib qoladi. U «o‘zgalar» qorini olish yaxshi emasligi haqida gapirgan. Shundan so‘ng o‘rtada mojaro kelib chiqqan», - deya xabar berdi Namtsi qishlog‘i rahbarining qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlik bo‘yicha o‘rinbosari Yefim Gogolev.

Bozor rahbari Ivan Nikitin ham mojaro arzimagan narsadan kelib chiqqanini tasdiqlagan: «Hodisaga bizning gaz operatori aralashib qoldi, u ba'zan qor tozalaydi va binolarni qo‘riqlaydi. U qorni olib ketishayotganini ko‘rib, jahli chiqib ketdi va haqorat qila boshladi. U o‘sha kafedagi yigitlar bilan tanish, biroq uni ularning yordamchisi urgan. Albatta, yoqimsiz vaziyat, biroq shunaqasi ham bo‘lib turadi».

Ivan Nikitinning aniqlik kiritishicha, o‘zbekistonlik shaxslar bozorda umumiy ovqatlanish nuqtasini ijaraga olish huquqi bilan ishlaydi, Rossiya fuqaroligiga ega va qonunlarga rioya etadi. 

«Ushbu holat bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilmoqda, uning natijalari bo‘yicha amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli protsessual qaror qabul qilinadi», - deya xabar berishgan Rossiya IIVning Yoqutiston bo‘yicha boshqarmasi matbuot xizmatidan.

Mavzuga oid
Top