O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi to‘g‘risidagi nizom hamda ayrim idoraviy mansub tashkilotlarning ustavlari tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2017 yil 30 sentabrdagi PQ-3 304-son qarorini ijro etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:

 

1. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining Respublika ta'lim markazining ustavi 2-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi Uquvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik Respublika tashxis markazining ustavi 3-ilovaga muvofiq;

A.Avloniy nomidagi xalq ta'limi tizimi rahbar va mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining ustavi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.

3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vaziri U.I.Inoyatov zimmasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta'lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklandi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, vazirlik umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta'lim sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun javob beradigan vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, viloyat xalq ta'limi boshqarmalari, Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi, tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limlari (keyingi o‘rinlarda hududiy bo‘linmalar deb ataladi), Vazirlik tuzilmasiga kiradigan tashkilotlar yuridik shaxslar hisoblanadilar, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga hamda blankalarga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, bank hisob raqamlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi bank hisob raqamlariga ega bo‘ladilar.