O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash, shuningdek, eksport kontraktlarini ro‘yxatga olish va import kontraktlarini ekspertizadan o‘tkazishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 3 noyabrdagi PF-5215-son Farmoni ijrosini ta'minlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash, shuningdek, eksport kontraktlarini ro‘yxatga olish va import kontraktlarini ekspertizadan o‘tkazishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 3 noyabrdagi PF-5215-son Farmoni asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi savdo faoliyatini, iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarini rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti 2017 yilning 10 noyabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Farmoniga 1-ilovaga kiritilgan maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash ishlarini amalga oshirayotgani ma'lumot uchun qabul qilinadi.

2. Maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya berish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

3. Belgilab qo‘yilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun ilgari berilgan litsenziyalar ularning muddati tugagungacha amal qiladi.

4. Vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtiradilar.

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruvi raisi N.S.Otajonov zimmasiga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi savdo faoliyatini, iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarining eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklandi.

Maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, litsenziyalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya berish nazarda tutilgan tegishli hujjatlari yoki qarorlari asosida maxsus turdagi tovarlarni yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan, ammo bir yildan oshmaydigan muddatga ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda beriladi.