O‘zbekiston Prezidenti 2017 yilning 2 sentabrida “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Bugungi kunda mazkur hujjat ijrosini ta'minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayapti. Shunga qaramay, valyuta ayirboshlash masalalariga oid tarqatilayotgan ma'lumotlar aholi o‘rtasida ayrim tushunmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda. "Xalq so‘zi" muxbiri ularga oydinlik kiritish, qolaversa, valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha hayotga tatbiq qilinayotgan yangiliklar, aholi hamda tadbirkorlik sub'yektlariga taqdim etilayotgan qo‘shimcha qulayliklar haqida suhbatlashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining o‘rinbosari Botir Zohidovga murojaat qildi.

— Botir Erkinovich, suhbatimizni valyuta siyosatini tubdan isloh etish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy hujjatning iqtisodiyotimiz rivojidagi ahamiyatidan boshlasak...

— Albatta, Prezidentimiz belgilab bergan bunday katta, ayni paytda o‘ta muhim o‘zgarishga Markaziy bank tomonidan manfaatdor vazirliklar bilan birgalikda qariyb bir yil davomida tayyorgarlik ko‘rildi. Binobarin, valyuta sohasini erkinlashtirish iqtisodiyotni tubdan isloh etishning uzviy bir bo‘lagidir. Valyuta siyosatiga ma'muriy aralashuv iqtisodiyotimiz rivojiga to‘sqinlik qiluvchi asosiy omillardan bittasi edi. Shu ma'noda, ushbu sohadagi dastlabki mas'uliyatli qadam — xorijiy valyuta kursini belgilashda bozor tamoyillariga o‘tish bo‘ldi. Xorijiy valyuta kursining haqiqiy bozor qiymati belgilanishi tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy ahvolini yaxshilash, tashqi savdo faoliyatini kengaytirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tovar va xizmatlari raqobatdoshligini oshirish, aholining bank tizimiga bo‘lgan ishonchi ortishiga katta sharoit yaratdi. Buning amaliy tasdig‘ini tijorat banklarining valyuta ayirboshlash shoxobchalariga kuniga o‘rtacha 35 — 40 ming nafar jismoniy shaxs murojaat etayotgani misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

O‘tgan qisqa muddat davomida respublikamizning barcha hududida keng qamrovli valyuta ayirboshlash shoxobchalari tarmog‘i yaratildi. Hozirgi kunda tezkor hamda zamonaviy bank xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan bunday shoxobchalar soni 900 dan oshdi. O‘tgan 3 oy davomida ularga jismoniy shaxslar tomonidan 727 million AQSh dollaridan ziyod mablag‘lar sotildi. Shu davrda tijorat banklarining konversion bo‘limlari orqali aholiga chet el valyutasi sotilishi miqdori esa deyarli 5 barobar ortib, qariyb 34 million dollarni tashkil qildi.

Bugungi ko‘rsatkichlar hali ishlarning boshlanishi. Aholiga valyuta ayirboshlash operatsiyalari bo‘yicha xizmat ko‘rsatish ko‘lamini, bank infratuzilmasini kengaytirishga qaratilgan tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.