19:40 / 06.12.2017
9451

Noyabr oyida iste'mol sektorida inflyatsiya darajasi 2 foizga oshdi

2017 yilning noyabr oyida tovar va xizmatlar narxlari darajasi o‘rtacha 2,0 foizga oshdi, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 1,5 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 3,4 foizga va xizmatlar 0,5 foizga ko‘tarilgan. Bu haqda Davlat Statistika qo‘mitasi xabar bergan.

Yuqorida qayd etilganidek, oziq-ovqat mahsulotlari oy davomida o‘rtacha 1,5 foizga oshib, Iste'mol narxlari indeksining umumiy o‘sish darajasiga 0,7 foiz darajasida ta'sir etdi. 2016 yilning noyabr oyida esa oziq-ovqat mahsulotlari 0,8 foizga qimmatlashgandi.

Xabarda aytilishicha, Meva-sabzavot mahsulotlari narxlari darajasining o‘zgarishiga mavsumiy omillar ta'sir etgan. Birmuncha sezilarli darajada pomidor va bodring mahsulotlari narxlari – 60,6 va 54,0 foizga, uzum – 19,8 foizga, olma – 14,1 foizga qimmatlashdi. Shu bilan birga, sabzi – 17,2 foizga, piyoz – 13,9, karam – 12,9 foizga va kartoshka – 1,1 foizga arzonlashdi. Tabiiyki, qishloq xo‘jaligida mavsumiy yetishtiriladigan meva-sabzavotlarning narxi mos ravishda o‘zgarmoqda. 

Shu oyning o‘zida dori-darmon narxi 4,8 foizga oshdi.Aholi uchun pullik xizmatlar sohasi 0,5 foizga o‘sdi. Ushbu sohada asosiy inflyatsion omil sifatida maishiy xizmat tariflari 2,0 foizga va chet tili o‘quv kurslari uchun to‘lovlar - 2,2 foizga qimmatlashdi.

Top