Rossiyalik sportchilar 2018 yili Pyongchangda bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiada o‘yinlariga borishi mumkin, ammo Rossiya emas. Xalqaro olimpiya qo‘mitasining (XOQ) ijro qo‘mitasi 5 dekabr kuni Rossiya terma jamoasini olimpiadadan chetlatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Janubiy Koreyada Rossiya bayroqlari ko‘tarilmaydi, Rossiya madhiyasi yangramaydi, sportchilarga Olympic Athlete from Russia (OAR) bayrog‘i ostida harakat qilishga ruxsat berildi. 

Jamoani bayroq va madhiyadan mahrum etish katta norozilik keltirib chiqardi. Bunday qaror chiqarilishi avvaldan kutilgandi, shunchaki 5 dekabrda ijroiy qo‘mitaning 14 vakili buni tasdiqladi.

Shu tariqa, Rossiya o‘yinlarning 120 yildan ortiq tarixi davomida ilk marta doping qoidalari buzilishi tufayli chetlatilgan terma jamoaga aylandi.

XOQ qarori

Foto: Sochi-2014 / Reuters 

5 dekabr kuni Shveytsariyaning Lozanna shahrida o‘tkazilgan Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi yig‘ilishida quyidagi qarorlar qabul qilindi:

Rossiya 2018 yili Pyongchangda bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiadadan chetlatiladi, qo‘mita maxsus komissiyasi turnirga neytral tomon vakili sifatida borishi mumkin bo‘lgan rossiyalik sportchilarni belgilab beradi. Bu komissiyani Fransiyaning sobiq sport vaziri Valeri Furneyron boshqaradi. Komissiya tarkibiga XOQ va WAFA vakillari kirishadi. 

Sochi-2014 o‘yinlarida ishtirok etgan mulozim, murabbiy va shifokorlarning birortasi qishki olimpiada o‘yinlariga kiritilmaydi. 

Rossiya sport vaziri Vitaliy Mutko va uning sobiq o‘rinbosari Yuriy Nagornix umrbod diskvalifikatsiya qilindi va hech qachon Olimpiya o‘yinlariga kiritilmasligi belgilandi. Shuningdek, RF vazirligi vakillarining birontasiga Olimpiada uchun akkreditatsiya berilmaydi. Sochi-2014 tashkiliy qo‘mitasi rahbari Dmitriy Chernishenko Pekin-2022 muvofiqlashtiruvchi komissiyasi tarkibidan chiqarildi.

Rossiya Olimpiya qo‘mitasi Mustaqil antidoping komissiya (ITA) tegishli tekshiruvlar o‘tkazish uchun sarflagan 15 million dollarni to‘lab berishi kerak bo‘ladi.

Rossiya xokkey terma jamoasi va kyorling terma jamoasi Olimpiadada ishtirok etishiga rasman ruxsat berilgan.