Jahon | 20:50 / 06.12.2017
11820
2 daqiqa o‘qiladi

Sooronbay Jeenbekov Nursulton Nazarboyevga minnatdorchilik bildirdi

Qirg‘iziston va Qozog‘iston prezidentlari Sooronbay Jeenbekov va Nursulton Nazarboyev o‘rtasida telefon muloqoti o‘tkazildi. Bu haqda Akorda xabar tarqatdi.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama hamkorlik va mintaqaviy dolzarb masalalarni muhokama etishgan.

Prezidentlar 2 dekabr kuni Ostonada imzolangan yo‘l xaritasiga amal qilish muhimligini qayd etishgan.

Sooronbay Jeenbekov qozog‘istonlik hamkasbiga chegaradagi qat'iy nazorat bekor qilingani uchun minnatdorchilik bildirgan.

Nursulton Nazarboyev va Sooronbay Jeenbekov kelgusidagi uchrashuv imkoniyatlari haqida ham gaplashishgan. 

Telefon muloqoti Qirg‘iziston tomoni tashabbusi bilan tashkil etilgan.

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar shu yilning oktabrida yomonlashdi, 10 oktabr kuni chegaradagi vaziyat keskinlashdi. Qozog‘iston  fitosanitar nazoratni kuchaytirdi. Bunga Qirg‘izistonning avvalgi prezidenti Almazbek Atamboyev ketishidan oldin mamlakati blokada tushishiga sabab bo‘luvchi ayrim qadamlarni tashlagani sabab bo‘lgandi. U Qozog‘iston rahbariyatiga, xususan, Nursulton Nazarboyevga qator ayblovlar qo‘ygandi. Hozirga qadar ham har kuni yuzlab yuk tashish mashinalari chegarada ushlanib qolayotgandi.

Vaziyat ikki davlat rahbari uchrashuvidan keyin, 3 dekabrdan boshlab ijobiy tomonga o‘zgardi.

Mavzuga oid