Jamiyat | 17:15 / 06.12.2017
8382
2 daqiqa o‘qiladi

Sho‘rlangan va qurg‘oqchil hududlar uchun loyihalarda germaniyalik olimlar bilan hamkorlik qilinadi

4-5 dekabr kunlari Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida (TIQXMII) Germaniya Federativ Respublikasi Ta'lim va Fan Vazirligi (BMBF) tomonidan moliyalashtirilayotgan “BioWat: Iqlim o‘zgarishiga moslashish maqsadida Markaziy Osiyoning sho‘rlangan va qurg‘oqchil hududlarida resurslarni boshqarish (Resources management in the salinized and drought stress-endangered irrigation areas of Central Asia for adapting to climate change)” ilmiy loyihasi boshlanishi munosabati bilan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Mazkur loyihaning asosiy maqsadi Markaziy Osiyodagi sug‘oriladigan maydonlarda kollektor-zovur suvlarini samarali ravishda qayta ishlatish bo‘yicha namunaviy konsepsiya hamda ijtimoiy-iqtisodiy tadqiqotlarga asoslangan tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Loyiha 2 yil davomida Germaniyaning Leybnits nomli qishloq xo‘jaligini landshaftlashtirish ilmiy tadqiqot markazi (ZALF) olimlari tomonidan boshqariladi.

Shuningdek, loyiha doirasida Germaniyaning Kassel universiteti, Qozog‘istonning U.M.Axmedsafin gidrogeologiya va geoekologiya instituti, Tojikiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Botanika, o‘simlik fiziologiyasi va genetikasi instituti hamda Markaziy Osiyoning xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI) olimlari bilan hamkorlik qilish rejalashtirilgan. TIQXMII olimlari va doktorantlari mazkur loyiha doirasida O‘zbekistonda kollektor-zovur suvlarini biologik texnologiyalar asosida tozalash va ulardan qayta foydalanish bo‘yicha ilmiy izlanish olib boradilar. Batafsil ma'lumotni ushbu saytdan olish mumkin.

«Yer va suv ilmining tadqiqi borasidagi ushbu hamkorlik loyihasi qator ishlarning amalga oshuvida imkoniyatlar darvozasini kengroq ochishiga shubha yo‘q» deyiladi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti matbuot xizmati xabarida.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid