5-6 dekabr kunlarida Yevropa Chempionlar ligasida guruh bosqichining oxirgi tur uchrashuvlari o‘tkazildi va pley-offga chiqqan 16 jamoa nomi ma'lum bo‘ldi. Oxirgi tur o‘yinlaridan keyin «MYu», «Bazel», «Roma», «Chelsi», «Yuventus», «Liverpul», «Sevilya», «Portu» va «Shaxtyor» jamoalari keyingi bosqich masalasini hal qildi.

A guruhi. «Benfika»ning «yevrodahshati»
«MYu» 2-1 TsSKA, «Benfika» 0- 2 «Bazel»

O‘tgan asrda Bela Guttmanning qarg‘ishiga qolgan «Benfika» («Benfika»ni 1961 va 1962 yillarda Yevropa Chempionlari kubogi/Chempionlar Ligasi g‘olibi qilgan vengriyalik mutaxassis keyingi yilda haydab yuboriladi. U o‘shanda jamoaga keyingi 100 yilda biron marta xalqaro maydonda g‘olib bo‘la olmaslikni tilaydi. Shundan beri portugallar 8 marta finalda yutqazgan - 5 marta YeChK/YeChLda, 3 marta UYeFA Kubogi/Yevropa Ligasida) bu mavsumda parokandalikka uchradi. Jamoa 5 turdan keyin biron ochkosiz, to‘plar nisbati 1-12 holatida edi. «Bazel»ga qarshi oxirgi tur o‘yinida Portugaliya chempioni o‘z muxlislari uchun o‘ynashi talab etilardi. Ammo shveysarlarga g‘alaba zarur edi va ikkita bo‘limda bittadan gol urgan mehmonlar guruhda ikkinchi o‘rinni egallagan holda keyingi bosqichga yo‘l oldi. Mavsumlar oralig‘ida Ederson, Lindelef, Semedu va Mitro‘g‘lining ketgani lissabonliklar o‘yiniga jiddiy ta'sir ko‘rsatdi. «Benfika» Gutmanning qarg‘ishidan xalos bo‘lishi uchun 2062 yilgacha kutishi kerak bo‘ladi.

«MYu» esa 3 yillik tanaffusdan keyin YeChLga qaytishini yaxshi o‘tkazdi. Jamoa oxirgi turda TsSKA ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi va guruhda birinchi o‘rinni egalladi. Moskvaliklar jamoasi ishtirokini Yevropa Ligasida davom ettiradi.

V guruhi. «Karlo ota uchun qasos»
«Bavariya» 3-1 «PSJ», «Seltik» 0-1 «Anderlext»

Kunning markaziy uchrashuvidagi 4 goldan 3tasini fransuzlar urishdi. «Bavariya»ning fransiyalik legioneri Tolisso dublga erishdi, Mbappe parijliklarning yagona goliga mualliflik qildi. «PSJ» ko‘p hujum qildi, ammo yutqazdi. Yutqazsada Unay Emeri shogirdlari to‘plar nisbatidagi ustunlik evaziga keyingi bosqichga birinchi o‘rin bilan chiqdi. Ammo bu mag‘lubiyat tufayli jamoa tarixiy natijani – guruhda 6 o‘yinda 6 g‘alabaga erishish natijasini qayd eta olmadi. Lekin «PSJ» urilgan gollar soniga ko‘ra turnirda rekord o‘rnatdi – 25 gol (har bir o‘yinga o‘rtacha 4,17 gol). Turnirning bu bosqichida parijliklardan ko‘ra tomoshabop o‘yin ko‘rsatgan jamoa bo‘lmadi. Bu jamoaga Neymar kelib qo‘shilgani evazigadir. Ammo Neymarga guruhning barcha 6 o‘yinida gol urish nasib etmadi. Bu maqomni keyingi kungi o‘yinlarda boshqa bir futbolchi qo‘lga kiritdi.