17:30 / 07.12.2017
14881

Qozog‘iston Qirg‘iziston bilan Sirdaryo bo‘yicha ishchi guruh tuzishni rejalashtirmoqda

Foto: TASS

Qozog‘iston Qirg‘iziston bilan Sirdaryo bo‘yicha ishchi guruh tuzishni rejalashtirmoqda, bu haqda Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligining transchegaraviy daryolar departamenti direktori Igor Koval ma'lum qildi.

Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ikki katta transchegaraviy daryolar bo‘yicha, Chu hamda Talas borasida, hech qanday muammo yo‘q. Qisqa vaqt ichida, uning so‘zlariga ko‘ra, Talas daryosidagi Kirov suv ombori ta'mirda edi. Lekin bu ishni tezda yakunlashdi, va endi uni to‘ldirish ishlari olib borilmoqda.

«Bu suv Qozog‘istonga 2018 yilning aynan vegetatsion payti uchun kerak. Umuman olganda, Chu daryosida ham hech qanday muammo yo‘q. Umid qilamizki, bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi», - deya aytib o‘tdi Igor Koval Qozog‘istonda suv siyosati bo‘yicha milliy muloqot majlisi doirasida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Qishloq xo‘jaligi vazirligi Sirdaryo bo‘yicha Qirg‘iziston bilan ishchi guruhi tuzishni rejalashtirmoqda. Hozirda besh tomonlama davlatlararo komissiya mavjud, u, Igor Kovalning so‘zlariga ko‘ra, samarali ishlamoqda. Biroq, Qozog‘iston suv omborining ish rejimiga bog‘liq ayrim masalalarni ikki tomonlama asosda muhokama qilishi kerak.

«Sirdaryo Qirg‘iziston hududida boshlanadi, u yerda ko‘p yillik tartibga solish bo‘yicha eng yirik suv ombori – To‘qtog‘ul bor. Suv u yerdan avvaliga O‘zbekiston, Tojikistonga, so‘ng yana O‘zbekistonga va shundan keyingina Qozog‘istonga keladi. Hamda Tojikiston, O‘zbekiston, Qozog‘istonga sug‘orish uchun keladigan suv To‘qtog‘ul suv omboriga bog‘liq. Bu (ikki tomonlama ishchi guruhni tashkil etish) shu bilan bog‘liqki, u (suv ombori – tah.) hozirda energetik rejimda ishlamoqda, hamda Qirg‘iziston va Qozog‘iston o‘rtasida elektr energiyasi bo‘yicha tovar almashish imkoniyatini yuzaga keltiradi», - deya ta'kidlab o‘tdi Igor Koval.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi taranglik Qozog‘istonga transchegaraviy daryolardan suv yetkazib berishga hech qanday ta'sir qilmagan, deb xabar bermoqda Informburo.kz.

«Qirg‘iziston Qozog‘istonga nisbatan daryoning yuqorisida joylashgan mamlakat, men umid qilamanki, bu yerda o‘zaro tushunishga erishiladi. Odamlar suv uchun urishishi kerak emas. U tinchlik bilan bog‘liq bo‘lishi lozim. Insonni suvdan mahrum etish – bu uni havodan mahrum qilish bilan barobar», - deya aytib o‘tdi u.

Mamlakat aholisining soni tobora ortib borayotgani tufayli Qozog‘istonni suv bilan ta'minlashning dolzarbligi ham oshib bormoqda. Igor Kovalning so‘zlariga ko‘ra, suv ta'minotining 50 foizi mamlakatning geografik joylashuvi tufayli aynan transchegaraviy daryolar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Top