7 dekabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida davlat mukofotlarini tantanali topshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bergan.

Davlat rahbari yig‘ilganlarni yuksak unvonlar, orden va medallarga sazovor bo‘lgani munosabati bilan samimiy qutladi. Ular orqali barcha vatandoshlarimizni Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yilligi bilan muborakbod etdi.

Shavkat Mirziyoyev yakuniga yetib borayotgan yilda amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalar ekan, xalq bilan muloqotda bo‘lib, odamlarning og‘irini yengil qilishga asosiy e'tibor qaratilganini qayd etdi. Darhaqiqat, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da oddiy odamlar bilan muloqotning mutlaqo yangi va samarali tizimi yaratildi. Prezidentning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga 1,5 milliondan ziyod murojaat kelib tushdi va ularning 1 milliondan ortig‘i ijobiy hal etildi. Bugungi kunda dunyodagi nufuzli ekspert va mutaxassislar ham xalq bilan muloqotning bunday usuli jiddiy samara berayotganini e'tirof etmoqda.

"Xalqimiz Yaratgandan avvalo tinchlik-xotirjamlikni so‘raydi. Shundan so‘ng, o‘z uyim, boshpanam bo‘lsa, oilam, bola-chaqam bilan sog‘-salomat yashasam, deydi. Biz xalqimizning ana shunday orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun ikkita masalaga, ya'ni ichki ishlar va sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishga katta e'tibor qaratayapmiz", - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu borada, albatta, ulkan ishlar amalga oshirildi. Uchastka profilaktika inspektorlariga xizmat mashinalari va uy-joylar ajratilmoqda. Haftaning har payshanba kuni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” sifatida belgilandi. “Xavfsiz shahar” loyihalari amalga oshirilmoqda. Ayniqsa yoshlar uchun ularning sog‘lom tug‘ilishidan to mustaqil hayotga qadam qo‘ygunicha barcha zarur sharoitlar yaratib berilayotgani e'tibor loyiq. Davlat rahbari BMT Bosh assambleyasining sentabr oyida bo‘lib o‘tgan sessiyasida Yoshlar huquqlari to‘g‘risida xalqaro konvensiya ishlab chiqish tashabbusini ilgari surgani bu boradagi yanada bir muhim qadam bo‘ldi.

Joriy yilda boshqa muhim me'yoriy-huquqiy hujjatlar qatorida “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tuzilib, barcha davlat organlari va mahallalarda yoshlar masalalari bo‘yicha rahbar o‘rinbosari lavozimlari tashkil etildi.

Ayolni e'zozlash, ayolga ehtirom ko‘rsatish xalqimizning eng olijanob qadriyati hisoblanadi. Shu ma'noda, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini jonlantirish, xotin-qizlarning oila va jamiyat hayotidagi o‘rni va ta'sirini oshirish, ularning mehnatini munosib baholash va rag‘batlantirish, hayotiy manfaatlarini ta'minlash masalalari davlatimizning doimiy e'tiborida turibdi.