Tojikistonning YeOIIga qo‘shilishga qiziqishi tobora pasayib bormoqda
Tojikiston fuqarolarining respublika Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishi bo‘yicha qiziqishi tobora pasayib bormoqda. Shunga qaramay, Tojikiston bu birlashmaga qo‘shilishga doir ijobiy taxminlar hissasi bo‘yicha yetakchi bo‘lib qolmoqda, deyiladi Yevroosiyo taraqqiyot bankining «YeOTB – 2017 integratsiya barometri» tadqiqotida.
Tojikiston ijobiy taxminlar ulushi bo‘yicha yetakchi bo‘lib qolmoqda, biroq bu yerda ba'zi jihatlar bor. Agarda 2012 yilda Tojikiston aholisining 76 foizi o‘z mamlakatining Yevroosiyo integratsiya birlashmasiga qo‘shilish tarafdori bo‘lgan bo‘lsa, keyingi yillarda bunday qo‘llab-quvvatlov ko‘rsatkichi asta-sekin pasayib bordi, 2017 yilda esa 69 foizni tashkil qildi. Shu bilan birga, 2017 yilda Tojikiston fuqarolarining 18 foizi YeOIIga beparvo munosabatda bo‘lgan bo‘lsa, 10 foizi javob berishga qiynaldi va atigi 2 foizi qarshi chiqqan.
Ta'kidlanishicha, Tojikiston hozircha YeOIIga kirish bo‘yicha eng yaqqol nomzod bo‘lib turibdi.
«Biroq shunisi aniqki, respublika aholisining Ittifoqqa bo‘lgan qiziqishi asta-sekin pasaymoqda, bu integratsiya jarayoni ishtirokchilari tomonidan alohida e'tiborga loyiqdir», - deya hisoblaydi tadqiqot mualliflari.
Tojikistonning YeOIIga qo‘shilishi masalasi respublika hukumati tomonidan qariyb uch yildan beri ko‘rib kelinadi.
Tojikiston hukumati qoshidagi Bojxona xizmati rahbari Abdufattoh G‘oyib joriy yilning iyulida o‘z mahkamasi xodimlaridan iborat bo‘lgan ishchi guruh «YeOIIga qo‘shilish bo‘yicha masalani har tomonlama o‘rganib chiqqani», ijobiy xulosaga kelgani va bu xulosani respublika hukumatiga topshirgani haqida jurnalistlarga xabar berdi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov noyabr oyi oxirlarida Bokudagi ADA Universitetida nutq so‘zlab, «ayni damda Tojikistonning YeOIIga qo‘shilish imkoniyati ko‘rib chiqilayotgani» haqida xabar bergandi.
Ayni damda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo mamlakatlar orasida Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya bor.
Mavzuga oid
14:38 / 07.11.2024
«Turkiy davlatlar tashkiloti YeOIIga raqobatchi bo‘ladi» – qirg‘iz siyosatshunosi
19:32 / 31.10.2024
Tojikiston prezidenti ijtimoiy tarmoqlardagi «layk» uchun odamlarni ta’qib qilmaslikni talab etdi
14:16 / 31.10.2024
Tojikistonda Counter Strike va GTA videoo‘yinlarini taqiqlash taklif qilindi
22:40 / 19.10.2024