Jahon | 13:36 / 08.12.2017
12412
2 daqiqa o‘qiladi

Falastin xalqaro sudga murojaat qiladi

Foto: Majdi Mohammed

Falastin AQSh al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olgani tufayli xalqaro sudga murojaat qiladi, deb ma'lum qildi Falastinning Rossiya Federatsiyasidagi elchisi Abdul Hofiz Nofal RIA Novosti’ga.

"Albatta", - dedi u, Falastin xalqaro sudga murojaat qiladimi, degan savolga javob qaytarib.

Falastin elchisining so‘zlariga ko‘ra, unda Rossiya TIVda AQShning al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olishi masalasi bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazilgan, hamda Rossiya tomoni Sharqiy al-Qudsni Falastin, G‘arbiysini esa – Isroil poytaxti, deb hisoblashi haqidagi o‘z pozitsiyasini tasdiqladi.

Shuningdek Nofalning ta'kidlashicha, Falastin Amerika tomonining bunday harakatlari tufayli AQShni bundan buyon Falastin-Isroil mojarosiga yechim topish bo‘yicha tinch jarayonning bir qismi, deb sanamaydi.

AQSh prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olishi va Amerika elchixonasini Tel-Avivdan al-Qudsga ko‘chirishi haqida ma'lum qildi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Trampga «jasur va adolatli» qaror uchun minnatdorlik bildirdi. O‘z navbatida, Falastin yetakchisi Mahmud Abbos Trampning qarorini Yaqin Sharqdagi tinch jarayonda Amerika ishtirokining yakuni deb atadi.

Isroil al-Qudsni, jumladan, Iordaniyadan yarim asr avval egallab olingan uning sharqiy tumanlari va tarixiy markazini o‘zining “yagona va ajralmas” poytaxti sifatida e'lon qildi. Jahon hamjamiyati bosib olish holatini tan olmaydi va shahar maqomini Yaqin Sharqdagi mojaroning eng asosiy muammolaridan biri sifatida ko‘radi. Shu sababdan barcha xorijiy elchixonalar Tel-Avivda joylashgan.

Mavzuga oid