O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining aholi, birinchi navbatda, yoshlar va xotin qizlar bandligini ta'minlashga doir faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalla institutining faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” 2017 yil 3 fevraldagi PF-4944-son Farmoni bilan tasdiqlangan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish kompleks chora-tadbirlari dasturini bajarish hamda aholi, birinchi navbatda, yoshlar va xotin-qizlarning bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va mehnat organlarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining:

aholi, birinchi navbatda, yoshlar va xotin-qizlar bandligiga ko‘maklashish masalalarida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tuman (shahar) bo‘linmalari va mehnat organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish mexanizmini;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tuman (shahar) bo‘linmalari xodimlarini ishsizlarni va band bo‘lmagan fuqarolarni ishga joylashtirishda faol ko‘maklashganligi uchun moddiy rag‘batlantirish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilindi.

2. Aholi, birinchi navbatda, yoshlar va xotin-qizlar bandligiga ko‘maklashish masalalarida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tuman (shahar) bo‘linmalari va mehnat organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlandi hamda u 2018 yil 1 yanvardan boshlab amalga kiritiladi.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish har bir organini, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston Xotin- qizlar qo‘mitasining tuman (shahar) bo‘linmalarini butunjahon Internet tarmog‘iga ulagan holda kompyuter bilan hamda Bo‘sh ish o‘rinlarning milliy bazasidan foydalanish imkonini beradigan konfiguratsiya bilan jihozlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘radilar.