13:12 / 08.12.2017
20700

Qozog‘istondan sobiq vazir va hokimlar qancha mablag‘ni olib chiqib ketgan? 

Foto: Ca-news

Qozog‘iston Respublikasining Davlat xizmati va korrupsiyaga qarshi kurash ishlari bo‘yicha agentligi raisi Qayrat Kojamjarovning ma'lum qilishicha, sobiq amaldorlar mamlakatdan sakkiz milliard dollardan ortiq mablag‘ni olib chiqib ketishgan, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz.

"So‘nggi o‘n yil ichida Qozog‘istondan tashqarida yashirinib yurgan 205 korrupsiyachidan mamlakatga 152 nafari qaytarildi. Biroq mamlakatdan sakkiz milliard dollardan ortiq mablag‘ni o‘g‘irlab ketgan sobiq vazirlar hamda hokimlar xorijda yashirinib o‘tirishda davom etishmoqda. Birinchi navbatda, bu Ablyazov uyushgan jinoiy guruhi yetakchilari va Xrapunovlar oilasi", - deya aytib o‘tdi Qayrat Kojamjarov Ostonadagi konferensiyada.

Uning ma'lum qilishicha, ularning barini jazo kutmoqda.

"Bizning ishonchimiz komilki, ularning maqomi siyosiylashtirilganiga qaramay, ular javobgarlikdan qocha olmaydi. Bizning xorijiy sheriklar bilan hamkorligimiz natijasida qochib ketgan har bir korrupsiyachi sudya tomonidan belgilangan jazoga tortiladi. Davlat jinoyatchilarni topshirish va aktivlarni qaytarishda ikkilamchi standartlardan qochish bo‘yicha sa'y-harakatlarni birlashtirishi lozim", - dedi Qayrat Kojamjarov.

Uning ta'kidlashicha, davlat mablag‘larini jinoiy yo‘l bilan sarflayotganlarni erta bosqichda aniqlash, hamda kapitalning mamlakatdan olib chiqilishi oldini olish muhimdir.

"Boshqa yurisdiksiyalardan qochib ketgan jinoyatchilar va o‘g‘irlangan aktivlarni qaytarish – bu har bir davlat uchun dolzarb masalalar. Hozirda jahon hamjamiyati tomonidan ofshorlarni yo‘qotish, xorijiy banklardagi hisob raqamlari egalari haqidagi ma'lumotni ochiqlash bo‘yicha faol choralar amalga oshirilmoqda. Qozog‘iston bu sa'y-harakatlarni ma'qullaydi va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi hamda o‘zaro hamkorlikka tayyor", - deya ma'lum qildi korrupsiyaga qarshi kurash mahkamasi rahbari.

Top