11:33 / 08.12.2017
175251

Shavkat Mirziyoyev: Qamoqlardan kimni chiqarish ham ko‘p-ko‘p o‘yinlar bilan bog‘liq 

Foto: President.uz

7 dekabr kuni Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida davlat mukofotlarini tantanali topshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Prezident yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan afv etish to‘g‘risida”gi farmon haqida ham gapirdi.

“Sud-huquq idoralarini qanchadan-qancha tizim qildik, Konstitutsiyani o‘zgartirdim men. Nima uchun? Men o‘zim bilaman – adolatsizlik qancha sudlarda. Mana kecha afv etish to‘g‘risida farmon imzolandi. Bilasizlarmi, amnistiyani afv etish bilan mutlaqo farqi bor. Amnistiya qaror qabul qiladi, bu yo‘nalishlar bo‘yicha. Keyin u ham korrupsiya bo‘lib ketgan. Pastdagi odamlar, u yerdagi noinsof odamlar kimni chiqarishni ham, u ham ko‘p-ko‘p o‘yinlar bilan bog‘liq. Haqiqiy adolatni bilgan, o‘zi pushaymon qilgan odamni topish qiyin bo‘lgan. Shuning uchun afv degani, ochiq gap, hozir 57 ming odamimiz qamoqlarda yotibdi. Men 10 ming odamga reja qilgandim, topa olmadik. Odamlarning tarbiyasi yo‘q, o‘sha qamoqlarda ham ma'naviyat yo‘q, ma'rifat yo‘q. Ko‘p-ko‘p odamlar adolatsiz o‘tiribdi, adolatsiz o‘tirgani uchun, adolatsiz xalqqa ham, jamiyatga ham dushman bo‘lgan. Nega desangiz, adolatsiz qamalgan ular. Ana shularning hammasini inobatga olib, afv degani, yana bir marta sizlar bilishlaringiz kerak, amnistiya bilan mutlaqo boshqa narsa.

Bu tariximizda birinchi marta – afv qabul qilish. Har bir inson bilan men prokuratura, ichki ishlar xodimlari, boshqa organlarning odamlari bilan yuborib, bitta-bitta gaplashib, afv etdik. Qani endi har bir mahallaning raisi qamalganlar, ayniqsa ko‘ryapsizlar ayollarimiz... To‘rt nafar, uch nafar bolasi bor, chegarada bechora hayot ko‘rish uchun bir - o‘n bir millionlik uchun 8 yilga qamab yuboribdi birini. Uch nafar – to‘rt nafar bolasi bor. Xo‘sh, kim bundan manfaatdor? Nima uchun biz uni qamayapmiz? Shuni mahalla ko‘makka olsin. 

Kelgusi yil, agar sizlar ma'qullasangiz, qonunni o‘zgartiramiz. Asli sud qaror qabul qilish tarbiyaviy nuqtai nazardan biz go‘yoki katta ish qilgan bo‘lamiz. Lekin, uni tarbiyaviy nuqtai nazardan Yoshlar ittifoqi, mahalla, xotin-qizlar kafillikka olsa, men hamma narsaga qo‘l qo‘yishga roziman. Tarbiya u yerdan ko‘ra, bu yerda ko‘proq bo‘ladi, bu yerda foydaliroq bo‘ladi”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid
Top