17:35 / 08.12.2017
15507

Trener-o‘qituvchilarga malaka toifalarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

Foto: Fotolia

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasining qarori bilan Sport-ta'lim muassasalarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilariga malaka toifalarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 16 martdagi 148-son “O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi qaror qildi:

1. Sport-ta'lim muassasalarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi- uslubchilariga malaka toifalarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

2. Mazkur qaror rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kirdi.

Sport-ta'lim muassasalarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilariga malaka toifalarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, trener-o‘qituvchilarga quyidagi malaka toifalari beriladi: ikkinchi toifali trener; birinchi toifali trener; oliy toifali trener.

Yo‘riqchi-uslubchilarga quyidagi malaka toifalari beriladi: ikkinchi toifali yo‘riqchi-uslubchi; birinchi toifali yo‘riqchi-uslubchi; oliy toifali yo‘riqchi-uslubchi.

Ikkinchi va birinchi toifali trener hamda ikkinchi va birinchi toifali yo‘riqchi-uslubchi malaka toifalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari tomonidan beriladi.

“Oliy toifali trener” va “Oliy toifali yo‘riqchi-uslubchi” malaka toifalari O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tomonidan beriladi.

Sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha ikkinchi va birinchi toifali trener hamda ikkinchi va birinchi toifali yo‘riqchi-uslubchi malaka toifalari O‘zbekiston Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari tomonidan, “Oliy toifali trener” va “Oliy toifali yo‘riqchi-uslubchi” malaka toifalari esa, O‘zbekiston Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan holda beriladi. Trener-o‘qituvchilar va yo‘riqchi-uslubchilarga berilgan malaka toifalari ularga tabaqalashtirilgan tarzda haq to‘lash uchun asos bo‘ladi.

Trener-o‘qituvchilar malaka toifalarini olish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

trener-o‘qituvchi tomonidan malaka toifasini olish uchun berilgan arizasi; shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;

mehnat daftarchasidan nusxa (ish joyidan tasdiqlangan holda); tayyorlagan sportchisining musobaqalarda erishgan natijalarini tasdiqlovchi hujjatlari (musobaqa bayonnomasi, diplom nusxasi);

sportchini trener-o‘qituvchiga biriktirilganligini tasdiqlovchi ma'lumotnoma; ish joyidan tavsifnoma;

trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsatnoma nusxasi.

Yo‘riqchi-uslubchilar malaka toifalarini olish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

yo‘riqchi-uslubchi tomonidan malaka toifasini olish uchun berilgan arizasi; shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;

mehnat daftarchasidan nusxa (ish joyidan tasdiqlangan holda); ish joyidan tavsifnoma;

yo‘riqchi-uslubchi faoliyatini amalga oshirish uchun nashr etilgan uslubiy qo‘llanma(lar) nusxasi (mavjud bo‘lganda).

Ikkinchi va birinchi toifali malaka toifalarini olish uchun da'vogar bevosita Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari huzurida tashkil etilgan, sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha esa, O‘zbekiston Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari huzurida tashkil etilgan malaka komissiyasiga murojaat qiladi.

Malaka toifalari 5 yil muddatga beriladi. Mazkur muddat o‘tgandan so‘ng. trener-o‘qituvchilar va yo‘riqchi-uslubchilar o‘z malaka toifalarini belgilangan tartibda qaytadan tasdiqlatishi shart.

Malaka toifalari qonun hujjatlariga muvofiq ijodiy ta'til olinganda ijodiy ta'til muddatiga, shuningdek yoshga doir pensiyaga chiqish muddatiga bir yil qolganda bir yil muddatga uzaytiriladi.

Malaka toifalari qaytadan tasdiqlangunga qadar, trener-o‘qituvchilar va yo‘riqchi-uslubchilarga ish haqi mutaxassis lavozimi bo‘yicha to‘lanadi.

“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” unvoniga ega bo‘lgan shaxslarga malaka toifalari cheklanmagan muddatga beriladi.

Trener-o‘qituvchilarga malaka toifalari Olimpiya, noolimpiya o‘yinlari yoki O‘zbekiston milliy sport turlari va xalq o‘yinlari bo‘yicha natija ko‘rsatgan sportchi bilan kamida ikki yil uzluksiz shug‘ullangandan so‘ng beriladi.

Sportchilarni keyingi sport mahoratini oshirish guruhlariga bergan trener-o‘qituvchilar ushbu sportchilarning natijalari bo‘yicha tegishli malaka toifalarini olishga haqli. Bunda ushbu trener-o‘qituvchi da'vogarlik qilayotgan malaka toifasidan oldingi malaka toifasi mezonlariga to‘g‘ri keladigan natijalarga erishgan sportchilarga ega bo‘lishi shart. Bu sportchilar erishgan natijalar bo‘yicha trener-o‘qituvchi faqat bir marta malaka toifasi olishi mumkin.

Malaka komissiyasi a'zolariga esa qo‘yidagi talablar qo‘yiladi:

oliy ma'lumotga ega bo‘lishi;

jismoniy tarbiya va sport sohasida kamida 5 yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi;

jismoniy tarbiya va sport sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar bazasi bilan yaxshi tanish bo‘lishi.

Malaka komissiyasi qarorlari ochiq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi. Komissiya qarori yig‘ilishda ishtirok etgan a'zolarning ko‘pchiligi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda, komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Malaka komissiyasi a'zosi bo‘lgan mutaxassisning hujjatlari komissiyada ko‘rilganda komissiya a'zosi bo‘lgan mutaxassisning ovozi hisobga olinmaydi.

Malaka toifalarini olishda tan olinadigan nufuzli sport musobaqalari:

Nufuzli sport musobaqalariga Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, Jahon va Osiyo chempionatlari va kuboklari, turli xalqaro sport musobaqalari, O‘zbekiston Respublikasi chempionati, kubogi kiradi.

Bunda:

1. Olimpiya o‘yinlarining nufuzi Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.

2. Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha Jahon yoki Osiyo chempionati va kubogining nufuzi tegishli xalqaro sport federatsiyasi (uyushmasi) tomonidan belgilanadi.

3. Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilmagan sport turlari bo‘yicha Jahon chempionati va kubogining nufuzi ushbu sport musobaqalarida kamida 20 ta mamlakatning vakillari va (yoki) terma jamoalari qatnashgan taqdirda tan olinadi. Osiyo chempionati va kubogining nufuzi esa, ushbu sport musobaqalarida kamida 10 ta mamlakatning vakillari va (yoki) terma jamoalari qatnashgan taqdirda tan olinadi.

4. Xalqaro sport musobaqalarining nufuzi sport turlari bo‘yicha tegishli xalqaro sport federatsiyalari (uyushmalari) tomonidan ro‘yxatga olingan xalqaro sport musobaqalari bo‘yicha tan olinadi. Bunda ushbu sport musobaqalarida kamida 6 ta mamlakatning vakillari va (yoki) terma jamoalari qatnashgan bo‘lishi kerak.

5. O‘zbekiston Respublikasi chempionati, kubogi nufuzi ushbu sport musobaqalarining xalqaro va respublika miqyosidagi sport hamda ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga kiritilishi bilan belgilanadi.

Top