O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Davlat veterinariya xizmati xodimlari mehnatiga qo‘shimcha haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 1 iyundagi PQ-3026-son qarorining ijrosini ta'minlash, shuningdek davlat veterinariya xizmati xodimlari mehnatiga qo‘shimcha haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:

1. Quyidagilar:

Xavfli va zararli mehnat sharoitlarida ishlayotgan veterinariya xizmati xodimlari mehnatiga qo‘shimcha haq to‘lash shartlari va tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi va uning tizimiga kiruvchi tashkilotlar xodimlarini moddiy rag‘batlantirish shartlari va tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.

3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T. Mirzayev va Davlat veterinariya qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi B.T. Norqobilov zimmasiga yuklandi.

Xavfli va zararli mehnat sharoitlarida ishlayotgan davlat veterinariya xizmati xodimlari mehnatiga qo‘shimcha haq to‘lash shartlari va tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, davlat veterinariya xizmati xodimlari mehnatiga qo‘shimcha haq to‘lash ularning lavozim maoshiga qo‘shimcha ustama (foiz miqdorida) to‘lash yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Quyidagi davlat veterinariya xizmati xodimlarining lavozim maoshiga (tarif stavkasiga) 12 foizli ustamalar belgilanadi:

Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazlari, tuman (shahar) hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazlari direktorlari va ularning o‘rinbosarlari. laboratoriya (veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyalari) mudirlari. veterinariya vrachlari. veterinariya feldsherlari (texniklar). veterinariya laborantlari va veterinariya sanitarlari. omborxona (dorixona) mudirlari va mutaxassislari;