13:33 / 09.12.2017
16215

856 mln dollar. Joriy yilda necha tonna ho‘l meva chetga sotildi?

Foto: O‘zA

Bugun O‘zbekistonda davlat rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni keng nishonlanmoqda.  “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida ushbu sanaga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tmoqda. Tantanali marosimda prezident Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, olib borilgan iqtisodiy islohotlar, fermerlik harakatining rivojlanishi natijasida, joriy yilda mamlakat bo‘yicha jami bo‘lib 8 million 377 ming tonna g‘alla yetishtirildi. 2 million 930 tonnadan ziyod paxta hosili, 12 ming 450 tonna pilla, 318 ming tonna sholi, 23 million tonna meva-sabzavot, 13 million tonna go‘sht va sut mahsulotlari olishga erishildi.

Bu yil mamlakatda birinchi marta, g‘alladan bo‘shagan qariyb 1 million gektar maydonga sabzavot, kartoshka, poliz va dukkakli ekinlar ekildi va 5,5 million tonnadan ortiq mahsulot yetishtirildi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 132 ming tonnasi qayta ishlanib, 100 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilindi. 724 ming tonna ho‘l meva chetga sotildi va 856 million dollar valyuta tushdi.

Mamlakatda qimmatbaho xomashyo bo‘lgan ipak  yetishtirishning mutlaqo yangi tizimi yo‘lga qo‘yilib, bu yil birinchi marta pilladan yiliga ikki marta hosil olish tajribasi sinovdan o‘tkazildi va ijobiy natija berdi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda 15 ta yilqichilikda nasl xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 3 ming 150 dan ziyod zotdor ot boqilmoqda.

Oxirgi 20 yilda e'tibordan chetda qolgan baliqchilik sohasini tiklash uchun “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi tashkil etilib, uning tizimiga 3 ming 600 ta baliqchilik xo‘jaligi kiritildi. Joriy yilda 580 ming gektar tabiiy va 28 ming gektar sun'iy ko‘llarda 100 ming tonnadan ortiq baliq yetishtirildi.

Paxtachilik bo‘yicha o‘z tajriba maktabini yaratayotgan fermerlar sonining ko‘payib borishi natijasida joriy yilda gektaridan o‘rtacha 50 sentnerdan ziyod hosil olgan fermerlar 1 ming 121 nafarni, 45 sentnerlik marrani egallagan fermerlar 2 ming 130 nafarni, 40 sentnerchilar 7 ming 208 nafarni tashkil etdi.

Top