19:09 / 09.12.2017
21696

AQSh aviatsiyasi Rossiya samolyotlariga jangarilarni yo‘q qilishda xalaqit bermoqda – Konashenkov

Foto: Vitaliy Ankov / RIA Novosti

AQSh harbiy aviatsiyasi Suriyada Rossiya samolyotlariga IShID jangarilarini yo‘q qilishda muntazam xalaqit bermoqda. Bu haqda 9 dekabrda Rossiya mudofaa vazirligi rasmiy vakili, general-mayor Igor Konashenkov ma'lum qildi.

Konashenkov 23 noyabrda Frot daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ida AQShning F-22  qiruvchi samolyoti ishtirokida sodir bo‘lgan voqeani bunga misol tariqasida keltirdi. “F-22  Rossiyaning ikkita Su-25 samolyotiga Mayadindagi IShIDning tayanch punktini yo‘q qilish jangovar vazifasini bajarishga xalaqit qilgan. F-22 havo jangini imitatsiya qilib, chalg‘itish maqsadida beto‘xtov manyovr qilgan holda issiqlik qopqonlari va tormoz qalqonchalarini chiqargan”, deb aytdi Konashenkov.

Uning aytishicha, AQSh harbiy samolyoti Rossiyaning Su-35S samolyoti paydo bo‘lgandan keyin “xavfli manyovrlarni to‘xtatib, Iroq havo hududi tomon uchib ketgan”. “AQSh Suriya osmonidagi bu va boshqa voqealar bo‘yicha Hmaymim bazasidagi Rossiya qo‘mondonligi so‘rovlariga javob bermagan”, deb qo‘shimcha qildi Rossiya vakili.

Noyabrda Rossiya mudofaa vazirligi AQShni Rossiya harbiy-koinot kuchlari operatsiyalariga to‘sqinlik qilishda ayblagan. Vazirlikda ma'lum qilinishicha, AQSh boshchiligidagi koalitsiya samolyotlari Rossiya aviatsiyasiga Abu-Kamol shahrida IShID pozitsiyalariga zarbalar berishda xalaqit qilishga uringan.   

Konashenkov Pentagon vakillarining go‘yoki Rossiya samolyotlari AQSh samolyotlariga xavfli masofaga yaqinlashgani haqidagi ayblovlariga shu tariqa javob qaytardi.

Uning ta'kidlashicha, AQSh boshchiligidagi koalitsiya aviatsiyasi Rossiyanikidan farqli o‘laroq, Suriyada noqonuniy harakat qilmoqda. Shu sababli Konashenkov AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi vakillariga “e'tiborlarini havoda turli ko‘ngilsizliklar yaratishga emas, balki Iroqda jangarilarni yo‘q qilishga qaratishlarini” tavsiya qildi.

Mavzuga oid
Top