Jahon | 15:46 / 09.12.2017
22510
2 daqiqa o‘qiladi

Da Vinchining 450 mln dollarlik suratini kim xarid qilgani ma'lum bo‘ldi

Foto: Global Look Press

Renessans davrining mashhur rassomi Leonardo da Vinchi mo‘yqalamiga mansub kartina o‘tgan oy Kristis kim oshdi savdo uyida sotilgani haqida xabar qilingan edi. Endilikda, 450 mln dollar qiymatdagi kartinani kim sotib olgani ham ma'lum bo‘ldi. Uni Saudiya Arabistonida korrupsiyaga qarshi kurash tashabbusi bilan chiqqan valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon xarid qilgan, deb xabar qilmoqda RT telekanali Amerikaning The Wall Street Journal nashriga asoslangan holda. 

Nashrning maxsus xizmatlardagi manbasiga tayanib yozishicha, kartina 450 mln dollardan ortiqroqqa sotilishi bilan rekord o‘rnatishi barobarida uni kim xarid qilgani borasida sirli mish-mishlarga sabab bo‘lgan edi. Xaridor telefon orqali ishtirok etgan va uning shaxsiga aniqlik kiritilmagandi. Suratning avvalgi egasi, rossiyalik milliarder Dmitriy Ribolovlev da Vinchi kartinasini 2013 yili 127,5 mln dollar evaziga xususiy savdoda xarid qilgan edi. 

“Valiahd shahzodaning mamlakatida korrupsiyaga qarshi keng qamrovli kurash olib borayotgan bir vaqtda kartina xaridi uchun shuncha miqdordagi pulni sarflashi hayratlanarlidir”, degan Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq xodimi Bruce Riedel. 

Xabarlarga ko‘ra, aslida kartinani Muhammad bin Salmonning uzoq qarindoshi hisoblanuvchi shahzoda Badr bin Abdulloh bin Muhammad xarid qilgan, lekin u valiahd shahzodaning ishonchli vakili hisoblanadi. 

Mavzuga oid