18:27 / 09.12.2017
11897

Qirg‘izistonning Rossiya oldidagi 240 mln dollarlik qarzi rasman hisobdan chiqarildi

Foto: GLOBAL LOOK press/Kremlin Pool

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov 9 dekabrda avval parlament tomonidan qabul qilingan, Qirg‘izistonning Rossiya oldidagi 240 mln dollarlik qarzini hisobdan chiqarish qonunini imzoladi. 

“Qirg‘izistonning avval taqdim qilingan kreditlar bo‘yicha Rossiya oldidagi qarzini tartibga solish bo‘yicha kelishuv bayonnomasini ratifikatsiya qilish haqidagi qonun imzolandi”, deyilgan xabarda.

2012 yilda Bishkek va Moskva Qirg‘izistonning Rossiya oldidagi qarzini bosqichma-bosqich hisobdan chiqarish haqidagi hukumatlararo kelishuvni imzolagan. O‘shanda qarz miqdori 488,9 mln dollarni tashkil qilgan. 2013 yilda Rossiya ushbu miqdordan 188,9 mln dollarini, 2016 yildan 2017 yilgacha yana 60 mln dollarini hisobdan chiqargan. Qolgan 240 mln dollarni hisobdan chiqarish haqidagi bayonnoma Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevning Moskvaga iyundagi tashrifi vaqtida imzolangan. Noyabrda Rossiya hukumati ushbu hujjatni ratifikatsiya qilish uchun davlat dumasiga kiritgan.

“Bayonnomaning amalga oshirilishi Qirg‘izistonning Rossiya oldidagi mavjud qarzini muddatdan oldin bekor qilishga imkon beradi. Shuningdek, bir vaqtda 240 mln dollarlik qarzning hisobdan chiqarilishi davlat tashqi qarzini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3,8 foizga qisqartiradi va Qirg‘izistonning davlat qarzi miqdoriga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi”, deyilgan xabarda.

Top