Rahbar – xalq dardi bilan yashovchi, uning issiq-sovug‘iga, og‘ir-yengiliga mas'ul shaxs. Agar u ta'lim sohasida bo‘lsa, bu mas'uliyat yuz chandon ortadi. Xo‘sh, joylarda aynan mana shu yo‘nalishda nimalar bo‘lyapti?
KUN.UZ tahririyatiga Andijon shahridagi 1-umumiy o‘rta ta'lim maktabida mehnat qiluvchi bir guruh o‘qituvchilardan murojaat kelib tushdi. Unda aytilishicha, maktab rahbariyatining no‘noqligi va belgilangan standart qoidalari bo‘yicha ish olib bormasligi mazkur dargohda ta'lim tizimining parokandalikka yuz tutishiga sabab bo‘lmoqda. Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida KUN.UZ muxbiri Andijon viloyatiga yo‘l oldi.
Ma'lum bo‘lishicha, maktab direktori Olga Chen lavozimida ishlab turgan paytda prokuratura xodimlari unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoiy Kodeksining 167-moddasi 2-qismi «b», «v», «g» bandlari, 205-moddasi 2-qismi «v» bandi, 209-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan ayblov e'lon qilib, jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Shundan so‘ng, Olga Chen lavozimidan chetlatilgandi.
Ammo Andijon viloyati Xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan, shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayevning tavsiyasiga ko‘ra, Chenni yana maktab direktorligiga tayinlash haqida buyruq chiqariladi. Vaziyatni o‘rganib chiqqan Andijon shahar prokuraturasi viloyat xalq ta'limi boshqarmasining joriy yilning 17 iyul kuni qabul qilgan buyrug‘ini bekor qilish to‘g‘risida protest kiritgan. 14 sentabrda shahar prokuraturasining taqdimnomasi asosida yuqorida qayd etib o‘tilgan buyruq bekor qilinadi.
Soddaroq qilib aytganda, noqonuniy buyruq asosida faoliyat yuritayotgan maktab direktori o‘z lavozimidan chetlashtirildi. Lekin ish shuning bilan yakunlanmay, Andijon viloyati Xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Ergashev 1-umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosariga maktabga yangi direktor tayinlanguniga qadar, barcha hujjatlarga birinchi imzo qo‘yish huquqi bilan vaqtincha direktor vazifasini bajarib turishni yuklaydi. Vaholanki, maktab direktori lavozimidan bo‘shatilgan Olga Chen endilikda o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosariga aylanib, rahbarlik lavozimini yana qo‘lga kiritishi mumkin edi. Voqea aynan shunday xotima topmoqda.
Davlat rahbari ham ishni tashkil etish va xalq uchun xizmat qilish kerakligini ming bor takrorlamoqda, buni barcha quyi rahbarlarga uqtirmoqda. Shuning barobarida otasi yoki yaqin qarindoshining aybi bilan yosh mutaxassisning kasbiy rivojlanishiga yo‘l qo‘yilmasligi, sudlangan, lekin aybiga iqror bo‘lgan shaxslarni jamiyatga qaytarishga yordam berish haqida so‘z yuritmoqda.
Bu gaplarning asl mohiyatiga yaxshi tushunmagan Andijon shahar xalq ta'limi bo‘limi 1-umumiy o‘rta ta'lim maktabiga yangi direktorni tayinlashda o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, uchta nomzodni ko‘rsatishga shoshilmayapti. Sababi, bu lavozim hali vakant emas, ya'ni maktab direktorining bo‘shatilgani haqida buyruq viloyatdan pastga tushirilmagan. Ta'lim tizimida oddiy menejment qoidalarini o‘rnata olmagan, davlat mol-mulkini talon-taroj qilib, o‘z mansabini suiste'mol qilgan direktor har qanday usul bilan lavozimini saqlab qolaveradimi?! Bu savol hanuzgacha ochiq qolmoqda...

















