«Tribuna» Angliya chempionatining 16-turi yakunlarini tahlil qiladi.
MANCheSTeR DeRBISI
O‘tgan yilning sentabrida «Manchester Yunayted» «Old Trafford»da «shaharlik»larga 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi. O‘sha o‘yindan keyin jamoa o‘z maydonida 40 o‘yin o‘tkazdi va biror marta ham mag‘lubiyatga uchramasdan, ajoyib seriya qayd etdi. Mana shu qirq o‘yinda hech qaysi jamoa «Manchester Yunayted» darvozasini ikki bor nishonga olishning uddasidan chiqa olmagandi. Bunga yana Mourino o‘z murabbiylik faoliyatida biror marta ham yakshanba kunga belgilangan uy uchrashuvida mag‘lubiyatga uchramaganini, «MYu» bu mavsumda o‘z maydonida yuz foizlik natija qayd etib turgan yagona jamoa bo‘lganini ham e'tiborga olsak, «Manchester Siti» bir zarba bilan mezbonlarning bir qancha seriyalariga barham bera olishganini aytishimiz mumkin.
Juda katta ahamiyat kasb etgan o‘yinda har uch gol ham himoyachilarning qo‘pol xatolaridan so‘ng kiritilgani biroz g‘alati. O‘yindan oldin Gvardiola raqib futbolchilarining jismoniy ko‘rsatkichlariga e'tibor qaratgan va standart vaziyatlarda mezbonlarning ustunligini taxmin qilgandi.
Aksincha, «Siti» har ikki golni ham standart vaziyatdan so‘ng kiritdi. Har ikki vaziyatda ham himoyachilarga yordamga kelgan Romelu Lukaku to‘pni qaytarishda xatoga yo‘l qo‘ydi va avvaliga, Silva, keyin esa, Otamendi yaqin masofadan darvozani ishg‘ol qilishdi.

Shu o‘rinda, «Manchester Siti» o‘tgan turda ham «Vest Hem» ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozonganliklari va o‘sha o‘yinda ham gollarni aynan Otamendi va Silva kiritganini e'tirof etish kerak.
Mezbonlarning yagona goli ham himoyachilar xatosi mahsulidir. Fabian Delf jarima maydoniga yuqorilatib oshirilgan to‘pni darvozabonga beraman deb, to‘pga ko‘ngildagidek egalik qila olmadi va vaziyatni poylab turgan Markus Reshfordni Ederson qarshisida yolg‘iz qoldirdi.
Gollardan tashqari, o‘yin davomida Lukaku, Reshford, Bernardu Silva va Leroy Sane juda qulay imkoniyatlarga ega bo‘lishdi, bu vaziyatlarda darvozabonlarning qo‘li baland keldi.

Shuningdek, Gabriyel Jyezus va Ander Erreraning o‘xshash vaziyatda jarima maydonida yiqilib tushishlari hakam tomonidan bee'tibor qoldirildi.
Endi «Manchester Siti» yaqin ta'qibchisidan 11 ochkolik farq bilan oldinga chiqib oldi – bu farq turdan-turga oshayotganini e'tiborga olsak, Pep Gvardiola shogirdlari chempionlikni faqat o‘z ayblari bilangina boy berib qo‘yishlari mumkin xolos.























