12:31 / 11.12.2017
47494

Kosonsoy suv ombori bo‘yicha vaziyat qanday?

Qirg‘iziston Respublikasi Jo‘qorg‘u Keneshining Agrar siyosat, suv resurslari, ekologiya va mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha qo‘mitasi Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi Kosonsoy suv omboridan davlatlararo foydalanish to‘g‘risidagi bitim ratifikatsiyasini uch o‘qishda ma'qulladi. Qaror qo‘mitaning 11 dekabr kungi yig‘ilishida qabul qilindi.

Suv xo‘jaligi va melioratsiya vaziri Nurbek Murashevning xabar qilishicha, bitim davlatlar o‘rtasida 2017 yilning 6 oktabr kuni Toshkent shahrida imzolangan.

Ta'kidlanishicha, davlat ichidagi barcha jarayonlar yakunlanganidan so‘ng suv omborini boshqarish Qirg‘iziston tomoniga to‘la o‘tadi. «Agarda avval boshqaruv O‘zbekistonda bo‘lgan bo‘lsa, endilikda, davlat ichidagi barcha jarayonlar yakunlanganidan so‘ng, boshqaruv bizga o‘tadi, u Suv xo‘jaligi departamentining balansida bo‘ladi», - deya aytib o‘tdi u.

Foto: AKIpress

«Respublika – Ata-Jurt» partiyasining parlamentdagi fraksiyasi deputati Rada Tumanboyeva Qirg‘iziston suv omborini kerakli darajada saqlash uchun lozim bo‘lgan barcha mablag‘larni ajratishga tayyorligi bilan qiziqqan. 

«Bitimga muvofiq, O‘zbekiston tomoni suv omboridan foydalanish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirishda va olinayotgan suv hajmiga mos bo‘lgan boshqa muvofiqlashtirilgan harakatlarda ulush asosida ishtirok etadi», - deya xabar berdi N.Murashev.

Deputatlar obektni qo‘riqlash ishlari qanday olib borilishi masalasi bilan ham qiziqishdi.

«Ayni damda O‘zbekiston IIVning 20 xodimi bir oyda bir marotaba hududga o‘zlarining qo‘riqlash bo‘yicha majburiyatlarini bajarish uchun kirishadi. Biroq, agarda bitim ratifikatsiya qilinsa, qo‘riqlash masalasi bizga o‘tadi. Suv ombori respublikamiz ichiga qarab 13 kilometrlik masofada joylashgan, bu chegara hududi sanalmaydi», - deya xabar bergan Davlat chegara xizmati rahbari o‘rinbosari.

Avvalroq Kosonsoy suv ombori to‘g‘oni maydonining hududi 850 gektar kelishi xabar qilingandi. 2013 yildagi ma'lumotlarga ko‘ra, suv ombori hududida 47 hovli bo‘lgan va 271 inson istiqomat qilgan.

Top