21:40 / 11.12.2017
24063

Turkiya iqtisodiyoti o‘sishi bo‘yicha dunyoda yetakchilik qilmoqda

Foto: aa.com.tr

Turkiya iqtisodiyoti 2017 yil 3-choragida 11,1 foizlik o‘sishni ko‘rsatib, Yevropa, G20 (Katta yigirmatalik) va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) davlatlari orasida 1-o‘rinni egalladi.

“Anadolu” axborot agentligining Turkiya statistika instituti, Yevropa Ittifoqi statistika xizmati va IHTT ma'lumotlariga tayanib ma'lum qilishicha, Turkiya iqtisodiyoti 2017 yil 3-choragida o‘tgan yilning shu choragiga nisbatan 11,1 foiz o‘sgan. 

Yevropa Ittifoqi davlatlarida 2-chorakda iqtisodiy o‘sish 2,1 foizni, 3-chorakda 2,5 foizni tashkil qilgan.   

Ko‘rinib turgandek, Turkiya iqtisodiyoti Yevropa ittifoqi davlatlariga nisbatan 4 marta kattaroq o‘sishni ko‘rsatgan.

Yevropa davlatlari orasida ko‘rilayotgan davr ichida eng katta iqtisodiy o‘sishni Ruminiya (8,8 foiz), Malta (7,2) va Latviya (5,8) namoyish qilgan. 3-chorakda Germaniya iqtisodiyoti o‘sishi 2,3 foizni, Buyuk Britaniyaniki 2,1, Fransiyaniki 2 foizni tashkil qilgan.

G20 davlatlari orasidan Xitoyning iqtisodiyoti o‘sishi 6,8 foizni, Hindistonniki 6,1 foizni tashkil qildi. 

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an mamlakatning iqtisodiy yutuqlari va Yaqin Sharqdagi vaziyatga izoh berib o‘tdi.

Jumladan, Erdo‘g‘an Turkiya yalpi ichki mahsuloti o‘sishi Turkiyani kuchsiz qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lgan, Anqaraning ichki va tashqi dushmanlariga eng yaxshi javobdir, deb aytdi. 

Uning ta'kidlashicha, Turkiya iqtisodiyotiga pul tikkan biror-bir sarmoyachi avval ham pushaymon qilmagan va kelgusida ham pushaymon qilmaydi.

Erdo‘g‘an, shuningdek, Anqaraning gumanitar sohadagi siyosatiga e'tibor qaratdi. “Agar dunyoda qochqinlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mukofot ta'sis etilsa, unda bu mukofotni olishga Turkiyaning haqqi barchadan ko‘ra ko‘proq bo‘ladi”, deb aytgan Erdo‘g‘an.    

Erdo‘g‘an Yaqin Sharqdagi  oxirgi voqealarga ham to‘xtalib o‘tdi. “Bugun o‘zini Al-Qudsning egalari deb hisoblayotganlar shuni bilishlari kerak-ki, ertaga ular yashirinishlari mumkin bo‘lgan daraxtni qidirishga tushib qolishlari mumkin”, deb o‘z so‘zlarini davom ettirgan Erdo‘g‘an. 

Turkiya yetakchisining aytishicha, “Al-Qudsni musulmonlar va boshqa dinlar vakillari uchun ochiq osmon ostidagi turmaga aylantirganlar, qo‘llaridan hech qachon qonni yuvib tashlay olmaydilar”. 

 

Top