09:40 / 12.12.2017
7606

Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘oniston bo‘yicha muloqotning yangi shaklini joriy etadi

Foto: Uzbekistan24

2017 yil 11 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha Mintaqaviy markaz tashabbusi va BMT Afg‘onistonga yordam missiyasi ko‘magi bilan Ashxobod shahrida tashkil etilgan Markaziy Osiyo va Afg‘oniston tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvida ishtirok etdi.

Uchrashuv qatnashchilari mintaqaviy siyosat va xavfsizlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashishdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga bilan 4-6 dekabr kunlari mamlakatga Afg‘oniston prezidenti Muhammad Ashraf G‘anining rasmiy tashrifining samarali yakunlari to‘g‘risida ishtirokchilarni xabardor qildi.

Ta'kidlanganidek, O‘zbekiston an'anaviy tarzda Afg‘onistonga nisbatan o‘zaro hurmat, tenglik va manfaatlarni inobatga olish tamoyiliga asoslangan do‘stlik siyosatini olib boradi va Afg‘oniston xalqi tomonidan saylangan hukumatni qo‘llab-quvvatlaydi.

Uchrashuvda “Markaziy Osiyo mamlakatlari – Afg‘oniston” (C5+1) yangi konsultativ formatini yaratish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu format mintaqaviy masalalarning butun majmuasini muhokama qilishda hamda BMT ko‘magida tinchlik va barqaror rivojlanishni ta'minlash bo‘yicha birgalikda zamonaviy chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun samarali platforma bo‘lishi kutilmoqda.

Uchrashuvda BMT Bosh kotibining maxsus vakili, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha Mintaqaviy markaz rahbari Natalya German ham ishtirok etdi.

Top