O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi o‘zbekistonlik xalqaro grossmeyster Anton Filippovning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishiga rasmiy munosabat bildirdi.
«Har bir sportchi uchun o‘zi tug‘ilib o‘sgan mamlakat sharafini himoya qilish ulkan sharafdir. Professional sportga qadam qo‘ygan har bir O‘zbekiston fuqarosi, shubhasiz, o‘z oldiga xalqaro arenalarda vatan sha'ni, millat g‘ururi uchun kurashishni maqsad qilib qo‘yadi. Buni u jar solib e'lon qilmaydi. Vaqti kelib, munosib yoshlarga o‘rnini bo‘shatib berayotganda ham.
Anchadan buyon shaxmat bo‘yicha milliy terma jamoa chaqiruvlariga rad javobini berib kelayotgan Anton Filippov esa, terma jamoadan ketishini negadir «sensatsiya» tarzida e'lon qilishga jazm etdi.
Anton Filippov O‘zbekiston terma jamoasini tark etishi to‘g‘risida oldin ham, ya'ni 2013 yili o‘tkazilgan O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida ham bildirgan edi. O‘shanda Filippov agar har yili unga 6000 AQSh dollari miqdorida pul to‘lanmasa, terma jamoani tark etishini ma'lum qilgandi. Albatta, Federatsiya ushbu «ultimatum»ga javoban, shaxmatchi imkon doirasida rag‘batlantirilishini ma'lum qilgan, jumladan, uning xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun Toshkent-Olmaota-Toshkent va Olmaota-Sharja-Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptasi puli to‘lab berilgan edi.
Anton Filippovning milliy terma jamoa a'zosiga to‘lanadigan kompensatsiya berilmagani uchun milliy terma jamoani tark etishini ma'lum qilgani qiziq hol, albatta. Chunki, shu yilning sentabr oyiga qadar unga ushbu kompensatsiya to‘lab kelindi. Savol tug‘iladi? Anton Filippovga milliy terma jamoa ro‘yxatida bo‘lish kelgusi maqsadlarini amalga oshirish uchun xalaqit beryaptimi? Nima uchun bu haqida O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Sport o‘yinlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi va O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbariyatini yozma ravishda ogohlantirmasdan, aynan internet sahifalarida bu qarorini e'lon qilmoqda?
Anton Filippov O‘zbekistonda sportga, jumladan, shaxmatga berilayotgan e'tibor to‘g‘risida zarracha ham ma'lumotga ega emas ko‘rinadi. Uning xalqaro grossmeyster darajasiga erishishida davlatimiz uni xalqaro sport musobaqalariga yuborib kelgani katta rol o‘ynagani yodidan ko‘tarilgan ko‘rinadi.
Aks holda, «6000 AQSh dollari bermasalaring, O‘zbekiston sharafini himoya qilmayman», dermidi?! Buning asl sababi, hozirgi vaqtda Qozog‘istonda istiqomat qilayotgani va Qozog‘iston fuqarosi Viktoriya Sergeyevaga uylangani emasmikan?
Aytish lozimki, ko‘plab xalqaro grossmeysterlarimiz xorijiy davlatlarda ishlab, o‘z murabbiylik mahoratini oshirib kelmoqda. Ko‘pchiligi hozirgi vaqtda O‘zbekistonga qaytib murabbiylik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. Ularning hech biri tomonidan hech qachon O‘zbekiston shaxmatiga xizmat qilish borasida e'tirozlar bildirilmagan.
















