19:45 / 12.12.2017
11727

Nyu-Yorkdagi portlash ijrochisiga ayblov e'lon qilindi

11 dekabr kuni Nyu-Yorkdagi avtovokzal yonida yuz bergan kuchli portlash ijrochisi, bangladeshlik 27 yoshli Aqoyid Ullaga terrorizm bo‘yicha ayblov e'lon qilindi.

Aqoyid Ulla Manhettenning sharqiy qismida, Tayms-skverdan uzoq bo‘lmagan masofada joylashgan avtobus terminali oldida qo‘lbola bombani portlatib yuborgandi.

Portlash oqibatida Ullaning o‘zi va uning yaqinidagi uch kishi jarohatlangandi.

Ayni vaqtda gumonlanuvchi shifoxonada og‘ir ahvolda qolmoqda.

New York Times xabariga ko‘ra, Ulla politsiyachilarga hujumni AQShning Suriya va boshqa joylardagi IShID obektlariga aviazarbalariga javoban amalga oshirgani, u o‘tgan yili Berlinda rojdesto yarmarkasi paytida amalga oshirilgan hujumdan ilhomlangani haqida aytgan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, hujum ijrochisi hech qanday tashkilotga a'zo emas.

Avvalroq CNN telekanali huquqni muhofaza qilish organlaridagi manbaga tayangan holda, Yulla tergovchilarga hujumni «Isroilning G‘azodagi harakatlari» tufayli amalga oshirganini ma'lum qilgani haqida xabar bergandi.

Qayd etish kerakki, bu Nyu-Yorkda oxirgi paytlarda sodir etilgan navbatdagi hujum bo‘ldi.

Oktyabr oyida asli o‘zbekistonlik 29 yoshli Sayfullo Soipov ijaraga olingan avtomobil bilan Manhettenda piyodalar ustiga hujum qilgan, 8 kishi halok bo‘lib, 11 kishi jiddiy jarohatlar olgandi.

Mavzuga oid
Top