Kecha — 11 dekabr kuni Yevropa Chempionlar Ligasining pley-off bosqichiga qur'a tashlash marosimi bo‘lib o‘tgandi. Unga ko‘ra, chorak finali yo‘lida to‘qnashadigan 8ta juftlik nomi aniq bo‘ldi.

8ta bellashuv ikki hafta davomida o‘tkaziladi. Dastlabki uchrashuvlar 13-14 fevral va 20-21 fevral kunlariga, javob uchrashuvlari 6-7 mart va 13-14 mart kunlariga belgilangan.

ShAXTYoR - ROMA

Har ikki jamoa ham qur'a natijasidan rozi bo‘lishlari tabiiy, sababi, bundan kuchliroq raqiblar ro‘baru kelishi ham mumkin edi. Ushbu juftlik g‘olibi go‘yoki chorak finalda eng kuchsiz raqib bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinayotgan bo‘lsa-da, bu jamoalarni mag‘lub etish har qanday klubga oson bo‘lmaydi.

«Shaxtyor» guruhda A Seriya peshqadamlaridan biri «Napoli»ni ortda qoldirganini hisobga olsak, «Roma» bu jihatga jiddiy e'tibor qaratishi lozim. O‘z navbatida, rimliklar «Atletiko» va «Chelsi» kabi kuchli jamoalar qatnashgan guruhda peshqadam bo‘lgan.

Xullas, bu juftlik YeChL durdonasi emas, ammo teng va keskin kurash kerak bo‘lsa, bu o‘yinlardan topishingizga kafolat bor.

Fakt: Jamoalar 2010/11 mavsumidagi 1/8 finalda ham raqib bo‘lishgan. «Shaxtyor»ning Rimdagi (3:2) g‘alabasidan so‘ng, «Roma» bosh murabbiyi Klaudio Raneri iste'foga chiqqan.

BeShIKTOSh - BAVARIYa

Nemislar guruhda ikkinchi o‘rinni olib, pley-off oldidan o‘zlarini xavfga qo‘ygan bo‘lishsa-da, omad kelganini aytish mumkin. Aytish mumkinki, guruh g‘oliblari ichida eng oson jamoa sifatida aynan turklar ko‘rsatilayotgandi.

Ammo bu faqat dastlabki xulosa. Birinchidan, «Beshiktosh» guruh bosqichini bir maromda o‘tkazdi va ochko to‘plash bo‘yicha turk jamoalari uchun rekord ko‘rsatkich qayd etdi. Ikkinchidan, so‘nggi ikki mavsumda milliy chempionatda g‘olib chiqqan istanbulliklar ushbu mavsumda Turkiyada biroz beqaror, bu esa, ularga butun e'tiborni aynan YeChL o‘yinlariga qaratish imkonini beradi. Uchinchidan esa, turklarning Germaniyada deyarli mezbonlar kabi muxlislarning quvvatlashlariga ega bo‘lishlari sir emas.

Shuningdek, «Beshiktosh» guruh bosqichida aynan nemis jamoasini har ikki o‘yinda mag‘lubiyatga uchratganini ham e'tirof etish kerak.