«Tribuna» Ispaniya chempionatining 15-turi uchrashuvlariga to‘xtalib o‘tadi.
Tenglik faqat qog‘ozda

Zinedin Zidan jamoasi Sevilyada javobsiz 5 gol urdi. «Santyago Bernabeu»da «Sevilya»ga qarshi o‘yin oldidan Krishtianu Ronaldu o‘zining beshinchi «Oltin to‘p»ini namoyish etdi. Hafta boshida Parijda mukofotni qabul qilib olgan Ronaldu endi bu borada Lionel Messi bilan tenglashib olgan. «Real» futbolchilari o‘z jamoadoshlarini tabriklab, kuchli raqibga qarshi o‘yinni yirik hisobdagi g‘alaba bilan yakunlashdi.

«Sevilya» darvozasiga urilgan gollarning ikkitasiga Ronalduning o‘zi mualliflik qildi, shuningdek, Kroos, Nacho va Hakimi bittadan gol urishdi. Benzema esa birinchi golda Nachoni pas bilan ta'minlash bilan kifoyalandi. Uning o‘zi bosh bilan zarba bergan vaqtda esa to‘p darvoza to‘sinidan qaytdi. Bu g‘alabadan keyin «Real» turnir jadvalida 31 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinda, birinchi o‘rindagi «Barselona» bilan oradagi farq 8 ochkoni tashkil etadi.
Lekin «Real» bu «manita»dan (bir jamoaga besh gol urish Ispaniyada shunday ataladi) keyin BAAdagi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga xush kayfiyat bilan yo‘l olishini ta'minladi. Madridliklar oxirgi marta «Sevilya»ga 5ta golni 1993 yilda urishgandi, o‘shanda sevilyaliklar tarkibida Maradona va Simeone to‘p surardi.
Messi Myullerni quvib yetdi

«Vilyarreal» darvozasiga urilgan gollardan biriga muallif bo‘lgan Lionel Messi katalonlar klubi safida urilgan gollari sonini 525taga yetkazdi. Argentinalik hujumchi bu orqali o‘tgan asrda «Bavariya» safida shuncha gol urib, bir jamoa safida eng ko‘p gol urish bo‘yicha rekordchiga aylangan Gerd Myullerga tenglashib oldi.
Safar o‘yinida kataloniyaliklar avvaliga hech qanaqasiga «sariq submarinalar» mudofaasini buza olmayotgandi. Ammo o‘yinning 60-daqiqasida mezbonlar himoyachisi Daniyel Raba o‘yindan chetlatildi va sondagi ustunlikdan mehmonlar foydalanib qolishdi. Avvaliga Luis Suares, keyinroq Lionel Messi darvozani ishg‘ol qildi va jamoaga navbatdagi 3 ochko keltirildi.
Valensiyadagi «o‘g‘irlik»




















