00:45 / 12.12.2017
30636

Saakashvili ozodlikka chiqarildi

Foto: RIA Novosti / Stringer

Kiyevning Pechera tuman sudi prokuraturaning Mixail Saakashviliga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida uy qamog‘i belgilanishi haqidagi so‘rovini rad etdi va uni Ukraina oliy radasi deputatlari guruhi kafilligi ostida ozodlikka chiqardi.  

10 dekabrda Kiyevda navbatdagi marta Ukraina prezidenti impichmenti talab qilingan namoyish bo‘lib o‘tdi. Aktsiyani Saakashvilining “Yangi kuchlar harakati” partiyasi tarafdorlari tashkillashtirishgan. Ular, shuningdek, Saakashvili ushlab turilgan tergov izolyatori oldida siyosatchining zudlik bilan ozod etilishini talab qilib, namoyish o‘tkazishgan.

Saakashvili 5 dekabrda jinoiy tashkilotlar ishtirokchilariga ko‘mak berish va ularning faoliyatini yashirish ishi bo‘yicha qo‘lga olingandi. Biroq u tarafdorlari tomondan huquq-tartibot idoralari xodimlari qo‘lidan chiqarib olingan.

Saakashvili shundan keyin 8 dekabrda kechki payt ushlanib, Ukraina xavfsizlik xizmati izolyatoriga olib kelingan.

Saakashvili suddan keyin prezident bo‘lish ishtiyoqi yo‘qligini aytdi. 

“Menda prezident bo‘lish ishtiyoqi yo‘q”, deb aytgan Saakashvili sud qaroridan keyin tegishli savolga javoban. 

U, shuningdek, Ukraina hukumati bilan kurashishni davom ettirishini va “tizimni o‘zgartirishga harakat qilishini” aytgan. 

Saakashvili muxolif siyosatchilarni birlashishga chaqirdi. “Keling birlashamiz va bizni yo‘q qilishga boshqa urinishlar bo‘lmaydi”, deb aytdi siyosatchi.

Mavzuga oid
Top