11:40 / 12.12.2017
51367

Tojikistonda paxta oligarxi hibsga olindi

Foto: top50.tj

Tojikistonda «Olimi Karimzod» kompaniyasi rahbari va «Olim Tekstaylz» tekstil fabrikasi egasi Jamshid Abdulov qo‘lga olindi. Tojikistonlik oligarx «Tojsanoatbank»ka 15 million dollarlik kreditni qaytarmaganlikda ayblanmoqda. Abdulovning hibsga olingani bir necha manbalar tomonidan tasdiqlangan.

Huquqni muhofaza qilish organlari vakillari oligarx hibsga olingani haqidagi xabarlarga izoh bermadi. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Abdulov ayni vaqtda Dushanbe shahrining Firdavsiy tumanida joylashgan tergov izolyatorida saqlanmoqda. Uning oilasi esa Dubayda yashaydi.

Xabar qilinishicha, «Olimi Karimzod» kompaniyasi rahbari avvalroq «Tojiksodirotbank»dan ham 4 million dollarlik kreditni olgan, biroq hibsga olinganidan so‘ng bu mablag‘lar moliya muassasasiga qaytarildi.

Xabarlarga ko‘ra, Jamshid Abdulov Tojikiston hukumati bosh vaziri o‘rinbosari Davlatali Saidning «Tojsanoatbank» mijozlari guruhi bilan uchrashganidan so‘ng hibsga olindi. Lisenziyasidan mahrum etilgan bank omonatchilari bosh vazir o‘rinbosariga ba'zi oligarxlar, jumladan, Jamshid Abdulov «Tojsanoatbank»ka ko‘p millionli kreditlarni qaytarib bermagani va shuning uchun ular o‘z pullarini qaytarib ololmayotganliklaridan shikoyat qilishgan.

Matchin tumanidagi Takeli posyolkasida joylashgan «Olim-Tekstaylz» YoAJ Tojikiston rahbari Imomali Rahmon ishtirokida 2010 yilning 25 mart kuni ishga tushirilgan. O‘tgan yilda So‘g‘d viloyatining soliq boshqarmasi rahbariyati korxona 19 million somoniy (taxminan 2 mln dollar) qarz bo‘lib qolgani haqida xabar bergandi, bu respublika hukumati korxonaga qator soliq imtiyozlari taqdim etganiga qaramay yuz bergan.

Top