20:05 / 12.12.2017
29518

O‘zbekiston pansionatlar tufayli Qirg‘izistonni xalqaro arbitrajga bergan

Foto: tktrio.kz

O‘zbekiston Qirg‘izistonning to‘rtta pansionatni o‘z egaligiga olib qo‘yish bo‘yicha qarori tufayli AQShdagi xalqaro arbitrajga da'vo arizasi bilan chiqqan. Bu haqda bugun Qirg‘iziston Respublikasining iqtisodiy va fiskal siyosat bo‘yicha parlament qo‘mitasi yig‘ilishida ma'lum qilishgan.

Avvalroq, Qirg‘iziston Respublikasi sobiq bosh vaziri Temir Sariyevning qarori bilan 2016 yilning aprelida Qirg‘iziston hududidagi to‘rtta pansionat - «Zolotyye peski», «Rohat NBU», «Dilorom» va «Bo‘ston» Qirg‘iziston yurisdiksiyasi ostiga o‘tgandi. O‘zbekiston bu qarorni sudga berdi. Ayni damda u AQShda ko‘rib chiqilmoqda.

Qirg‘iziston Respublikasi sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevning O‘zbekistonga tashrifi davomida ushbu to‘rtta pansionat bo‘yicha kelishuvga erishildi. Respublika hukumati bahsga yechim topish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan bitim imzolashni taklif etmoqda. Yangi hujjatga ko‘ra, pansionatlar joylashgan yerlar Qirg‘iziston Respublikasiga tegishli bo‘lishda davom etadi, biroq mulkning o‘zi O‘zbekiston ixtiyoriga o‘tishi lozim. O‘zbekiston rasmiylashtirishdan so‘ng pansionatlarni yil davomida ishlaydigan va ishchilarining 30 foizi Qirg‘izistondan bo‘lgan 3-4 yulduzli mehmonxonlar darajasiga yetkazishi kerak. 

Tomonlar bunday bitim imzolanganidan so‘ng tegishli shartnomaga qo‘l qo‘yishadi, hamda xalqaro arbitrajdagi bahs yopiladi. O‘zbekiston sobiq SSSR davlatlari o‘rtasida 1992 yilda imzolangan bitimning buzilishi tufayli sudga murojaat qildi. Bitimda sobiq Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan keyin boshqa davlat hududida qolib ketgan obektlardan foydalanish nazarda tutilgan.

Top