08:46 / 13.12.2017
5122

AQSh BMT byudjyetini 250 mln dollarga qisqartirishni talab qilmoqda

Foto: United News

AQSh hukumati 2018-2019 yillar uchun BMT byudjyetining 250 mln dollarga qisqartirilishini talab qilmoqda. Bu haqda Agence France Presse axborot agentligi xabar berdi. 

Ma'lum qilinishicha, AQSh taklif qilayotgan qisqartirishlar BMTning Falastin, Liviya va Afg‘onistondagi missiyalariga taalluqli bo‘lishi, tashkilotning taraqqiyot dasturi va yangi xodimlarni yollashining to‘xtashiga hamda xodimlar maoshlarining qisqarishiga olib kelishi mumkin. BMT vakillari AQShning bu taklifiga moliyalashtirishning 170 mln dollarga qisqartirilishiga tayyor ekanligini bildirishgan.

BMTning 2018-2019 yillar uchun byudjyetini yilning oxirigacha tasdiqlash rejalashtirilgan. Ma'lum qilinishicha, BMT o‘z ehtiyojlari uchun 5,4 mlrd dollar, ya'ni 2016-2017 yillar byudjyetidan 200 mln dollar kamroq so‘ramoqda.

BMTning byudjyeti unga a'zo davlatlar badallari hisobiga shakllantiriladi. Har bir davlatning qo‘shadigan ulushi 10 yillik davr uchun uning yalpi ichki mahsuloti va tashqi qarz ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib belgilanadi. Bugungi kunda BMTning eng yirik homiysi AQSh hisoblanib, u tashkilotning 20 foizdan ko‘proq xarajatlarini qoplaydi.

Top