Jahon | 18:35 / 13.12.2017
21045
3 daqiqa o‘qiladi

Alisher Usmonov televizion biznesdagi ulushini sotib yubormoqda

Foto: RBK

Rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov endilikda televizion biznes bilan shug‘ullanmaydi. U “Yu”, Disney, “Muz-TV”, STS, “Domashniy”, “Che” va CTC Love telekanallaridagi ulushini o‘zining ancha yillik hamkori Ivan Tavringa sotib yubormoqda.

Tavrin Usmonovning YuTV televizion xoldingidagi ulushini sotib olishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda ikkita manba RBK nashriga ma'lum qilgan. Shuningdek, Usmonovning vakillari ham bu ma'lumotni tasdiqlashgan. 

Usmonovning aktivlarini boshqaruvchi USM Holdings direktorlar kengashi a'zosi Ivan Streshinskiyning ma'lum qilishicha, “televizion aktivlar ular uchun ustuvor bo‘lmagan, Tavrin uchun ular doimo ustuvor ahamiyat kasb etgan”.

“YuTVning mediabozorda bunday tajribaga ega bo‘lgan bir odam qo‘lida jamlanishi xolding uchun yangi imkoniyatlar yaratadi”, deb aytgan Streshinskiy.

“Ha, men janob Usmonovga tegishli ulushni sotib olmoqdaman”, deb ma'lum qilgan Tavrin, biroq bitim summasi va uning yopilishi muddatlari bo‘yicha izoh berishni istamagan.

Bitim natijasida Tavrin YuTVga egalik qiluvchi "Novyy Media Xolding" MChJning 58,29 foizini sotib oladi va undagi ulushini 100 foizga yetkazadi. 

YuTV “Yu”, Disney, “Muz-TV”, STS, “Domashniy”, “Che” va CTC Love telekanallarini boshqaradi.

USM’da ta'kidlanishicha, ayni vaqtda tomonlar bitim bo‘yicha kelishib olishgan va Federal antimonopol xizmati tomondan tegishli ruxsatni kutmoqdalar.

Usmonov va Tavrin 2009 yilda o‘z aktivlarini birlashtirib, mediabiznes bo‘yicha hamkorlarga aylanganlar. Usmonov o‘shanda “Muz-TV” va 7TV telekanallariga, Tavrinning “Media-1” guruhi 30 ta hududiy telestansiyaga egalik qilgan.

Usmonov va Tavrin Forbes versiyasi bo‘yicha Rossiyaning eng boy odamlari ro‘yxatiga kiradilar. Nashrning oxirgi reytingiga ko‘ra, Usmonov hozirda 15,2 mlrd dollarlik aktiv bilan 5-o‘rinni, Tavrin esa 500 mln dollar bilan 199-o‘rinni egallamoqda. 

Hozirda Usmonov aktivlari orasida “Metalloinvest”, Baykal tog‘ kompaniyasi, “MegaFon”, “Kommersant'” nashriyoti uyi, “Ximki Grupp” developerlik kompaniyasi bor. Tavrin esa USM Holdings’da ulushga ega va hududiy radiostansiyalarni boshqaruvchi “Vyberi radio” xoldingining asosiy egasi hisoblanadi. Tavrin 2016 yil bahorida “MegaFon” bosh direktori lavozimini o‘z loyihalari bilan shug‘ullanish uchun tark etgan.

Mavzuga oid