16:54 / 13.12.2017
18265

Ichkilikning oqibati - nevara buvisining umriga zomin bo‘ldi

Foto: Riauair.com

Shu yilning 11 dekabrida Toshkent viloyati Qibray tumanida mastlik oqibatida ro‘y bergan janjal o‘lim bilan yakun topdi. Viloyat IIB Tergov boshqarmasining xabar qilishicha, 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro U.N. mast holatda o‘zi bilan bir xonadonda yashovchi buvisi, 1932 yilda tug‘ilgan U.M. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan oilaviy kelishmovchilik natijasida qo‘li bilan uning yuz qismiga bir necha marotaba urib, tan jarohati yetkazgan.

Oqibatda M.U. Qibray tumani markaziy shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga qarindoshlari tomonidan olib kelingan va shifokorlar tomonidan unga ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan 2017 yil 12 dekabrda mazkur shifoxonada vafot etgan.

Tuman markaziy shifoxonasining tibbiy ma'lumotnomasiga ko‘ra, U.M.ning yuzida kuchli shish, boshining yuqori qismi, yuz, ikkala kaft, tirsak sohalarida ko‘plab ezilib yirtilgan jarohatlari va teri osti gemotomasi, ikkala yonoq pastki jag‘ sohasida krepitatsiya kabi tan jarohatlari aniqlanganligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qibray tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, U.N.ushlangan, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Dastlabki surishtiruv jarayonida oilaviy kelishmovchilik sabablari o‘rganilganda, U.N. doimiy ravishda spirtli ichimliklarni iste'mol qilib kelganligi sababli uni tartibga chaqirmoqchi bo‘lgan buvisi U.M.ning tarbiyaviy ahamiyatga ega tanqidlarini to‘g‘ri qabul qilish o‘rniga, u bilan janjallashish oqibatida buvisining o‘limiga sababchi bo‘lganligi aniqlandi.

JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandiga ko‘ra, gumonlanuvchining aybi sudda tasdiqlansa, sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo tayinlanishi mumkin.

Mavzuga oid
Top