08:50 / 13.12.2017
11585

Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha hudud rahbarlari faoliyatini baholash mezonlari joriy etilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining tumanlar va shaharlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha hudud rahbarlari faoliyatini baholash mezonlarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarning jadal ijtimoiy- iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017 yil 8 avgustdagi PQ-3182-son qarori ijrosini ta'minlash hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining tumanlar va shaharlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha hudud rahbarlari faoliyatini ularga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi yuzasidan doimiy monitoring olib borishni, hududlarning rivojlanish ahvolidagi real o‘zgarishlardan va boshqa haqqoniy mezonlardan kelib chiqib, ularning faoliyatini xolisona baholashni ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan Adliya vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati bilan birgalikda ishlab chiqilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining tumanlar va shaharlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha hudud rahbarlari faoliyatini baholash tizimi to‘g‘risidagi Nizom (keyingi o‘rinlarda Nizom deb ataladi) ilovaga muvofiq tasdiqlandi va 2018 yil 1 yanvardan boshlab amalga kiritiladi.

2. Belgilab qo‘yilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining tumanlar va shaharlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha hudud rahbarlari faoliyatini baholash uchun zarur bo‘ladigan ma'lumotlar Nizomda belgilangan vazirlik, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan har chorak yakunida hisobot choragidan keyingi oyning 10-sanasigacha har bir shahar va tumanlar kesimida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga taqdim etiladi.

Ma'lumot uchun qabul qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga va Virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tomonidan Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamentiga taqdim etiladigan ma'lumotlar asosida tayyorlanib, umumlashtirish uchun Iqtisodiyot vazirligiga taqdim etiladi.

3. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi mazkur Nizomning amalda qo‘llanilishi bo‘yicha, uni takomillashtirish nuqtai nazaridan 2018 yil 1 maygacha mazkur Nizomga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2018 yil 1 iyungacha Iqtisodiyot vazirligining takliflarini e'tiborga olgan holda mazkur Nizom asosida rahbarlar faoliyatini baholash bo‘yicha dasturiy ta'minot ishlab chiqilishini ta'minlaydi.

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari - “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining tumanlar va shaharlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha hudud rahbarlari faoliyatini baholash tizimi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, tizimda rahbarlar faoliyatini baholash mezonlari ikki qismdan iborat bo‘lib, rasmiy statistik hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga va Virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha ma'lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Rasmiy statistik ma'lumotlar ijtimoiy soha, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi sohasi, kommunal xo‘jaligini tashkil qilish va uy-joy masalalari, huquq- tartibot sohasidagi ko‘rsatkichlarni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017 yil 8 avgustdagi PQ-3182-son qaroriga muvofiq shahar va tumanlarni kompleks ijtimoiy- iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tashkil etilgan sektorlar rahbarlari tomonidan uyma-uy yurish, xalq bilan muloqot, aholi tomonidan ko‘tarilgan muammolarni yechish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarning samaradorligi ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga oladi.

Tizimdagi mezon-indikator (ko‘rsatkich)larni baholash bo‘yicha maksimal ko‘rsatkich 100 ballni tashkil etadi.

Bunda rasmiy statistik ma'lumotlar bo‘yicha maksimal 80 ball, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga va Virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha maksimal 20 ball bilan baholanadi.

Har bir mezon-indikator (ko‘rsatkich) mazkur Nizomga 1-ilovaning “Indikator (ko‘rsatkich)ni hisoblash metodikasi” ustunida keltirilgan metodika bo‘yicha hisoblanadi va “Indikatorni baholash metodikasi” ustunida keltirilgan metodika bo‘yicha baholanadi.

Rasmiy statistik ma'lumotlar 43 ta mezon-indikatordan iborat bo‘lib, 3 ta mezon-indikator tuman va shaharlar bo‘yicha hisoblanmaydi va tegishincha 40 ta mezon-indikator bo‘yicha har bir shahar va tuman rahbarlari maksimal 80 ball bilan baholanadi.

Bunda har bir mezon-indikator (ko‘rsatkich) tegishli ko‘rsatkichlarning miqdoriga muvofiq holda 0 dan 2,0 ballgacha baholanadi.

Shaxsiy tomorqalarda chorva mollarini yetishtirish darajasi, tayyorlov, ta'minot va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar bilan qishloq xo‘jaligi korxonalari o‘rtasidagi debitor-kreditor qarzdorliklarning qisqartirilishi darajasi va meva-sabzavot mahsulotlari eksport rejasining bajarilishi darajasi ko‘rsatkichlari shaharlar bo‘yicha hisoblanmaydi.

Ko‘p kvartirali uylarning qishki mavsumga tayyorgarligi, uy xo‘jaliklarini kanalizatsiya tizimi bilan qamrab olish hamda issiqlik energiyasi to‘lovlarini yig‘ib olish ko‘rsatkichlari tumanlar (Toshkent shahridan tashqari) bo‘yicha hisoblanmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga va Virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar yuzasidan hududlar rahbarlari har biri maksimal 10 balldan baholanadigan 2 ta ko‘rsatkich - har o‘n ming nafar voyaga yetgan aholi soniga nisbatan murojaatlar soni hamda kelib tushgan murojaatlarning ijobiy hal qilinishi ko‘rsatkichi bo‘yicha baholanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga va Virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan har o‘n ming nafar voyaga yetgan aholi soniga nisbatan murojaatlar soni ko‘rsatkichi bo‘yicha respublikada eng past ko‘rsatkichga ega bo‘lgan shahar yoki tumanga eng yuqori - 10 ball beriladi. Qolgan shahar va tumanlar respublika bo‘yicha eng past ko‘rsatkichga nisbatan mutanosib ravishda hisoblanadi.

Rasmiy statistik ma'lumotlar mazkur Nizomga 1-ilovaning “Mas'ul vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar” ustunida ko‘rsatilgan vazirlik, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan har chorak yakunida hisobot choragidan keyingi oyning 10-sanasigacha har bir shahar va tumanlar kesimida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga va Virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tomonidan Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari axborot- tahlil departamentiga taqdim etiladigan ma'lumotlar asosida tayyorlanib, umumlashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga taqdim etiladi.

Hisobot davri sifatida har chorak olinadi va chorak yakuni bo‘yicha yagona ko‘rsatkichning o‘zgarish dinamikasi orqali tegishli hududdagi rahbarning faoliyatiga asoslangan baho beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda shaharlar va tumanlar rahbarlarining faoliyatiga baho berish natijalarining har chorakda umumlashtirilishini va monitoringini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Baholash natijalarini har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 15-sanasigacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmatiga va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining tumanlar va shaharlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha hudud rahbarlari faoliyatini baholash tizimi mezonlari asosida tegishli hududdagi muammolar aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tashkil etilgan 4 ta sektor rahbarlari tomonidan “yo‘l xaritalari” asosida chora-tadbirlar amalga oshirib borilishi ta'minlanadi.

Baholash natijalari asosida tuman (shahar)da qaysi sohaga e'tibor qaratilishi lozimligi belgilab olinib, tegishli chora-tadbirlar ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 20-sanasigacha vazirlik, idora va boshqa organlarga taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017 yil 8 avgustdagi PQ-3182-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmatiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Hisob palatasi bilan birgalikda har chorakda alohida o‘rnak ko‘rsatgan sektorlar rahbarlari, davlat organlarining mansabdor shaxslari va xodimlarini rag‘batlantirish yoki yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklar uchun ularni lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan javobgarlikka tortish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritishda Tizim bo‘yicha baholash natijalaridan foydalanish mumkin.

Mavzuga oid
Top