11:30 / 13.12.2017
16196

Qozog‘istonlik konchilar hindistonlik oligarx bilan uchrashuvni talab qilishmoqda

"Arselor Mittal Temirtau" korxonasining norozilik aksiyasini o‘tkazayotgan konchilari soni 12 dekabr kuni 684 kishiga yetdi. Ular yer ostida qolishmoqda va tepaga chiqishdan bosh tortishmoqda.

"Hozirda sakkizta kon, 684 kishi norozilik aksiyasini o‘tkazmoqda", - deya xabar berdi Qozog‘iston mehnat va ijtimoiy himoya vaziri Tamara Duysenova.

Konchilar ish haqini ikki barobarga oshirish va 50 yoshda pensiyaga chiqish, shuningdek, kasallik vaqtidagi to‘lovni to‘la hajmda amalga oshirish va shahardagi ijtimoiy infratuzilmani yaxshilashni talab qilishmoqda. Ularning fikricha, shaharda hozirda faqat “pivaxonalar va supermarketlar” bor.

Shuningdek, ular kon egasi, hindistonlik milliarder Lakshmi Mittal bilan uchrashuv tashkillashtirilishini talab qilishmoqda. "U band odam, buni tushunamiz, biroq aloqa vositalari bor-ku, hozir XXI asr. U buni aloqa vositalari yordamida ham qilishi mumkin. Skayp, onlayn televideniye bor. Ma'lum bir odamni tanlash kerak – u savol beradi, Mittal ularning bariga javob qaytaradi, shuning o‘zi, xolos", - deya aytishgan ular.

Konchilar har bir kondan o‘z vakillarini kompaniya xodimlari bilan muzokaralar o‘tkazish uchun yuborishgan. "Katta tashabbus guruhi ishlamoqda: ishchilarning 32 vakili ish beruvchi bilan muzokaralar o‘tkazmoqda", - deya tasdiqlagan vazir.

Norozilik aksiyasida ishtirok etayotgan konchilarning hamkasblari konda bo‘lganlar bilan muzokaralar olib borishdi. "Kondagi yigitlarning aytishicha, ular qaror qabul qilinmagunga qadar chiqishmaydi", - deya tushuntirgan ular. Norozilik aksiyasini o‘tkazayotganlar uchun konga suv va ovqat tushirilmoqda, biroq ular u yerda yana qancha qolishlari – hozircha noma'lum.

Mavzuga oid
Top