22:40 / 13.12.2017
24169

«Men ham shunday yo‘ldan o‘tganman». O‘zbekiston va Qirg‘iziston rahbarlari nimalar deyishdi?

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov o‘rtasidagi muzokaralardan keyin hujjatlarni imzolash marosimi va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Bu jarayon mahalliy televideniye orqali jonli namoyish etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sooranbay Jeenbekovni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti etib saylangani bilan yana bir bor samimiy qutlab, bugungi muzokaralar O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi. Prezident 2017 yil ikki davlat munosabatlarida tarixiy yilga aylanganini qayd etdi.

«Keyingi 6 yilda Almazbek Atamboyev juda ko‘plab islohotlarni amalga oshirdi. Qirg‘izistonning bugungi yo‘lini butun xalq qo‘llab-quvvatlamoqda. Qirg‘izistondagi saylovlar butun dunyoga hokimiyatning demokratik yo‘l bilan topshirilishiga namuna bo‘ldi. Biz Qirg‘iziston xalqi to‘g‘ri yo‘lni tanlaganidan mamnunmiz. Qaysiki, Almazbek Atambayev boshlagan yo‘lni. Prezidentlik saylovlari bu islohotlar davom ettirilishini ko‘rsatdi. O‘zbek xalqi sizning g‘alabangizdan juda xursand bo‘ldi», dedi O‘zbekiston rahbari.

Shavkat Mirziyoyev Sooronbay Jeenbekov o‘z xalqi ishonchi va hurmatini qozona olishiga ishonch bildirdi. «Siz tajribali rahbarsiz, katta viloyatni boshqargansiz, mamlakat bosh vaziri bo‘lib ishlagansiz. Men ham shunday siyosiy yo‘lni bosib o‘tganman va bu yo‘l qanchalik mashaqqatli ekanini bilaman», deya qayd etdi prezident.

«Siz munosib saylangan prezidentsiz. Biz bundan juda xursandmiz, ilk xorijiy tashriflaringizdan birini O‘zbekiston zaminidan boshlaganingizni mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga sadoqatning ifodasi deb bilaman», degan O‘zbekiston rahbari.

Prezident O‘zbekistonning tashqi siyosatida qo‘shnilar bilan munosabatlar ustivor ekanini ta'kidladi. «Bizning eng yaqin qo‘shinimiz - Qirg‘iziston. Shuning uchun bizning oramizda hech qanday chegara bo‘lishi kerak emas. Ishonamanki, biz tutash nuqtalarni topamiz. Qanday masala bo‘lsa, yechilishi lozim. Buni ayniqsa, chegara hududida istiqomat qiluvchi aholi istaydi», deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi tarixdagi eng yuqori darajaga chiqayotganiga e'tibor qaratdi.

«Yil yakunigacha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 250 million dollarga yetadi. Bu nafaqat chegaralarni, balki bir-birimizga qalbimizni, bag‘rimizni ochganimiz uchundir. Munosabatlarni yangi bosqichga olib o‘tish uchun siyosiy iroda topilishi prezidentlarga bog‘liq bo‘ladi. Biz odamlarimiz istagini qilyapmiz. Odamlar barchasi ertaga emas, bugun yaxshi bo‘lishini ko‘rishni istaydi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘z navbatida Sooranbay Jeenbekov Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekistonga taklif etgani uchun minnatdorlik bildirdi va Qirg‘iziston xalqi nomidan chuqur hurmat-ehtirom izhor etdi. 

«Biz ilk daqiqalardanoq o‘zbeklar mehmondo‘stligini his qildik. Biz bunday iliq qabul uchun minnatdorchilik bildiramiz. Bu mening davlat rahbari sifatidagi ilk rasmiy tashrifim bo‘ldi. Qirg‘iziston birodarlik aloqalarini yanada mustahkamlash va rivojlantirish tarafdoridir. Biz bundan juda ham manfaatdormiz. 

Siz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi davlat chegaralarini do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik chegarasiga aylantirdingiz.

2017 yil — bizning munosabatlarimizda, tarixiy burilishlar yili bo‘ldi. Almazbek Atambayevning O‘zbekistonga, sizning Qirg‘izistonga davlat tashriflaringiz amalga oshirildi. Bu esa ikki davlat aloqalarini yuqori darajaga ko‘tardi. Strategik hamkorlik darajasiga», — dedi Qirg‘iziston prezidenti.

Sooronbay Jeenbekov xalqlarimiz shunday kelishuvlarga erishilishini kutganini va o‘zaro munosabatlarimiz tarixiga bitiladigan bu ezgu ishga hissa qo‘shganidan mamnun ekanini ta'kidladi. 

«Buning uchun bir yilda katta ishlar amalga oshirildi, oxirgi chorak asrda bunday ishlar amalga oshirilmagandi.

Men davlatning yangi prezidenti sifatida tasdiqlashni istardimki, barcha kelishuvlar o‘z kuchida qoladi. Men xalqlarimiz farovonligi uchun bu kelishuvlar amalga oshirilishida o‘zimning bor kuchimni ishga solmoqchiman», — deya qayd etgan Qirg‘iziston prezidenti.

Top