O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat va hukumat idoralarining aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish darajasini yanada oshirish maqsadida navbatdagi farmonga imzo chekdi. Quyida uning to‘liq matni keltirilmoqda. 

Mamlakatda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi izchillik bilan takomillashtirilmoqda va modernizatsiya qilinmoqda, bu aholining hayot sifati, investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini yaxshilash va biznesni rivojlantirish imkonini beradi. 

2003 yildan buyon tadbirkorlik sub'yektlarini “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik sub'yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyalari (keyingi o‘rinlarda Inspektsiyalar deb yuritiladi) tomonidan amalga oshirib kelingan. 

2016 yil 1 yanvardan boshlab Inspektsiyalar negizida Tadbirkorlik sub'yektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari (keyingi o‘rinlarda Yagona markazlar deb yuritiladi) tashkil etildi. 

2017 yil 1 fevraldan Yagona markazlarning tumanlar (shaharlar) hokimliklari tuzilmasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazilishi mazkur sohani rivojlantirish bo‘yicha keyingi qadam bo‘lib, vertikal boshqaruvni shakllantirish, ularning samarali faoliyatini tashkil etish imkonini berdi. Natijada Yagona markazlar tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 33 tagacha oshdi. 

2017 yil 1 apreldan boshlab ro‘yxatga olish tartib-taomillarini 30 daqiqagacha qisqartirish imkonini beruvchi tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirilganligi “Doing Business 2018” global reytingidagi “Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish” ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekistonning mavqeini 24-o‘rindan 11-o‘ringa yaxshilashga xizmat qildi. 

Shu bilan birga, davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimining aholi va tadbirkorlik sub'yektlari ehtiyojlarini to‘liq qanoatlantiradigan sifat jihatidan yangi darajaga o‘tishiga ayrim tizimli muammolar to‘sqinlik qilmoqda. Xususan: 

birinchidan, “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish imkoniyatidan faqat tadbirkorlik sub'yektlari foydalanishi mumkin. Bunda fuqarolar hanuzgacha turli davlat organlarida hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha murakkab tartib-taomillardan o‘zlari o‘tishga majbur bo‘lmoqda; 

ikkinchidan, qator davlat organlarida axborot tizimlari, resurslari va ma'lumotlar bazalarining mavjud emasligi, ular idoralararo integratsiya qilinishining past darajada ekanligi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan barcha davlat xizmatlari majmuasidan qulay va o‘z vaqtida foydalanishni ta'minlamayapti;